Jorjtaun

Jorjtaun — Gayananing poytaxti va asosiy iqtisodiy markazi. Demerara daryosining Atlantika okeaniga quyilish joyida. Aholisi 200 ming kishi (1995). Iqlimi subekvatorial, sernam iqlim. Yillik yog’in 2230 mm. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 26°, sentabrniki 28°. Jorjtaunga 1781 yilda gollandiyaliklar asos solgan va 1812 yilgacha Tabrok (yoki Stabruk) deb atalgan. 1831 yildan Britaniya Gvianasining markazi. 1966 yil may oyidan mustaqil Gayana davlatining poytaxti. Temir yo’l stantsiyasi. Xalqaro ahamiyatga ega Timeri aeroporti bor. Jorjtaun mamlakatning yirik porti. Chetga boksit, yog’och-taxta, shakar-qand, rom va boshqalar chiqariladi; chetdan g’alla va sanoat mollari keltiriladi. Qishloq xo’jalik mahsulotlari qayta ishlanadi. Oziq-ovqat (shakar-qand, tamaki, pivo, un tortish), yog’ochsozlik (taxta tilish) sanoati korxonalari mavjud. Me’moriy yodgorliklaridan soborlar, yog’ochdan ishlangan dunyodagi eng katta sobor (19-asr), Milliy Majlis va sud binolari, ratusha va boshqalar saqlangan. Universitet, kutubxona, Gayana muzeyi, drama teatri, botanika bog’i bor.