Jinsiy yetilish, voyaga yetish, pubertat davr
Jinsiy yetilish, voyaga yetish, pubertat davr (lotincha pubertas — bo’yiga yetish, jinsiy yetilish) — odam va hayvonlarda organizmning jinsiy ko’payish qobiliyatiga ega bo’lgan individual rivojlanish davri. Jinsiy yetilishdan so’ng reproduktiv davr keladi. Tana o’lchami, umrning qisqa yoki uzoq bo’lishi hamda Jinsiy yetilish vaqti o’rtasida bog’lanish mavjud. Qisqa umr ko’radigan mayda hayvonlar erta jinsiy yetiladi. Masalan, 30-35 sutka umr ko’radigan boshaylang’ichlilar 4-5 sutkada, mayda baliq — gambuziya hayotining 1-yili, o’n yillab umr ko’radigan yirik baliqlar 5-15 yilda va hatto undan ham kechroq voyaga yetadi. Ko’pchilik qushlar hayotining 1- yoki 2-yili jinsiy yetiladi. Oposeium, ko’rsichqon va boshqa ba’zi hasharotxo’rlar, ko’rshapalaklar, tovushqonlar va jayralar 10 yil umr ko’radi, umrining 1-yili voyaga yetadi. Yalqovlar, chumolixo’rlar, pangolinalar, kurakoyoqlilar 15-30 yil yashaydi, 2-5 yilda voyaga yetadi. Ammo xuddi shuncha umr ko’radigan bo’risimonlar 6-8 oyda voyaga yetadi. 30 yilgacha umr ko’radigan yirik yirtqichlar (pantera, yo’lbars, leopard, arslon) 3-5 yilda, 60-70 yil yashaydigan fillar 12-20 yilda, tuban maymunlar 2-4 yilda, odamsimon maymunlar 8-10 yilda voyaga yetadi. Ko’pchilik hayvonlar urg’ochisi erkaklariga nisbatan erta voyaga yetadi. Maymunlarda Jinsiy yetilish davri bir necha oyga, odamda bir necha yilga cho’ziladi.