«Jaloliddin Manguberdi» ordeni

«Jaloliddin Manguberdi» ordeni — O’zbekiston Respublikasining davlat mukofotlaridan biri, mamlakatning oliy harbiy mukofoti. Bu orden bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt tuprog’ini himoya qilishda hamda uni ko’z qorachig’iday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini ko’rsatgan, davlatning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qo’shgan qo’mondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadilar. 2000 yil 30 avgustda ta’sis etilgan. Orden 925 probali kumushdan tayyorlanadi, qirrador kumushrang nurlar taralgan beshburchak shaklga ega. Ordenning markazida, oq aylana bilan hoshiyalangan doirada taralayotgan nurlar fonida Jaloliddin Manguberdinint qabariq zarhal tasviri joylashgan. «Jaloliddin Manguberdi» ordeni ko’krakning o’ng tomoniga, «Amir Temur» ordenidan keyin taqiladi.