Jamoa shartnomasi
Jamoa shartnomasi – korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o’rtasidagi mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soladigan me’yoriy hujjat. Ish beruvchi bilan Jamoa shartnomasi tuzish zarurligi to’g’risidagi qaror qabul qilish huquqiga kasaba uyushmasi (o’z vakillik organi orqali), xodimlar vakolat bergan boshqa vakillik organi yoki bevosita mehnat jamoasi umumiy yig’ilishi (konferentsiyasi) ega. Jamoa shartnomasi korxonalarda, ularning yuridik shaxs huquqi berilgan tarkibiy bo’linmalarida bir tarafdan — kasaba uyushmalari va xodimlar tomonidan yuqoridagi vakillik organlari orqali, 2-tarafdan — bevosita ish beruvchi yoki u vakolat bergan vakillar o’rtasida tuziladi. Uning mazmuni va tuzilishini taraflar belgilaydi. Jamoa shartnomasiga ish beruvchi va xodimlarning quyidagi masalalar bo’yicha o’zaro majburiyatlari kiritilishi mumkin: mehnatga haq to’lash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qo’shimcha to’lovlar; narxlar o’zgarib borishiga, inflyasiya darajasiga, Jamoa shartnomasida belgilangan ko’rsatkichlar bajarilishiga qarab mehnatga haq to’lashni tartibga solish mexanizmi; xodimlarni ish bilan ta’minlash, qayta o’qitish, ishdan bo’shatish shartlari; ish vaqti va dam olish vaqti, mehnat ta’tillarining muddatlari; xodimlar, jumladan, ayollar va 18 yoshga to’lmagan shaxslarning mehnat sharoiti va mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologiya jihatidan xavfsizlikni ta’minlash; korxonani va idoraga qarashli turar joyni xususiylashtirish vaqtida xodimlarning manfaatlariga rioya qilish; ishlab turib o’qiydigan xodimlarning imtiyozlari; ixtiyoriy va majburiy tarzdagi tibbiy hamda ijtimoiy sug’urta va hokazolar. Jamoa shartnomasi loyihasi korxona bo’linmalarida xodimlar tomonidan muhokama qilinib, fikr va takliflari xisobga olingan holda takomilga yetkaziladi va mehnat jamoasi umumiy yig’ilishi (konferentsiyasi)da muhokamaga qo’yiladi. Jamoa shartnomasi umumiy yig’ilish (konferentsiya)da ma’qullangandan keyin taraflarning vakillari tomonidan uch kun ichida imzolanadi va imzo chekilgan vaqtdan e’tiboran yoki Jamoa shartnomasida ko’rsatilgan kundan boshlab kuchga kiradi hamda taraflar belgilagan muddat davomida amal qiladi. Jamoa shartnomasiga oid qonun-qoidalar O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilab berilgan (35-46-moddalar).