Jamshid

Jamshid — qadimgi afsonalarga ko’ra, Eronda eng avval hukmdorlik qilgan peshdodiylar sulolasining to’rtinchi va eng buyuk hukmdori. Shoh Tahmurasdan so’ng 700 yil podshohlik qilgan Jamshid Istaxr shahrini bunyod etib, mamlakatda behad farovonlik vujudga keltirgan, sharobni ixtiro qilib, Navro’zni yangi yil bayrami sifatida nishonlashni joriy etgan emish. U hatto Zardushtdan ilgari Eronda mavjud bo’lgan bir diniy mazhabga asos solgan, oyna (oyini jam) ixtiro qilgan hamda odamlarni hayvon terisiga o’ranish o’rniga gazlamadan tikilgan kiyim kiyishga o’rgatgan, davlat tuzumini tashkil etib, aholini tabaqalarga bo’lgan. Bu mazhab va oyna quyoshu tabiatga bog’liq va ayshu ishrat bilan uyg’unlashgan bir Suratda ta’riflanadi. Go’yoki Jamshid o’z shonu shavkati va saltanatidan mag’rurlanib ketib, xudolik da’vosini qilgan emish. Oqibatda Arabiston yarim orolidan, ehtimol Yamandagi od qavmidan Zahxok ismli bir xukmdor bostirib kelib, Eronni Jamshiddan tortib olgan ekan. So’ng, Zaxxok ikki elkasidagi ikki ilonga mahalliy aholining navqiron o’g’illari miyasini yedira boshlabdi. Shunda o’g’illaridan ajragan bir Kova ismli temirchi bosh ko’tarib, Zahhokni o’ldiribdida, taxtni Jamshid naslidan bo’lmish Faridunga olib beribdi. Faridun adolat bilan davlatni idora qilib, keksaygach uch o’g’liga mamlakatni bo’lib berish bilan Hazrat Nuhning maqomlariga erishibdi. Jamshidni ba’zilar Hazrat Sulaymonning aynan o’zlari, deb ta’kidlashadi. Jamshid, sharobni ixtiro etganligi boisidan, shoirlar o’rtasida «Qadahiy» (jomi jam) nomi bilan ham mashhurdir. Keyinchalik topilgan qadimgi hind braxmanlari afsonalariga ko’ra, bu hikoyaning hind afsonalaridan naql etilgani ma’lum bo’ladi. Haqiqatan, Zardusht brahmaniylar dinidan ajralib chiqib, alohida bir mazhab ta’sis etgani uchun vatanidan badarg’a qilinib, Eronga kelib qolgan. Shunga binoan eroniylar qadimgi hind afsonalarini o’rganishgan. Qadimgi Eronning tarixi Zardushtning kitobi bo’lmish Zandovastodan olingandir. Qadimgi hind afsonalarida Jamshid yoki Jomo Shaydo quyoshni anglatuvchi bir ma’bud ismi bo’lib, bu ismni tashkil qiluvchi so’zlarning birinchisi — «xukmdor» va ikkinchisi — «quyosh» ma’nosidadir, ya’ni «quyosh podshoh» demakdir. Jamshid haqida Navoiy, Firdavsiy, Tabariy, Beruniy asarlarida ham eslatib o’tilgan.