Jamoliddin al-afg’oniy

Jamoliddin al-afg’oniy, Muhammad bin safdor Jamoliddin (1839, Sharqiy Afg’onistonning Asadobod shahri — 1897, Istanbul shahri) — Diniy va siyosiy arbob, islomchilik nazariyasining asoschisi. Kobulda diniy, Hindistonda dunyoviy bilim oldi. 1869 yilgacha afg’on amirlari xizmatida bo’ldi, ularning hokimiyat uchun o’zaro kurashlarida qatnashdi. Hayotining ko’p qismi Hindiston, Misr, Iroq, Rossiya, Frantsiya, Angliya, Turkiya kabi davlatlarda muhojirlikda kechdi. Islom dinini isloh qilish va musulmon olamini Islom bayrog’i ostida birlashishga qilgan da’vatlari bilan tanildi. 1871-79 yillarda Misr ijtimoiy-siyosiy hayotida faol qatnashdi. Istibdodni tanqid qilib, konstitusiyaviy tuzum o’rnatish uchun kurashda Islom dinining ma’naviy- axloqiy aqidalariga asoslangan ijtimoiy tenglik va adolat g’oyalarini targ’ib qildi. 1879 yil u Iskandariyada Yosh misrliklar jamiyatini tuzdi. Faol siyosiy faoliyati uchun Misrdan chiqarib yuborildi. Politsiya nazorati ostida Kalkutta va Haydarobod (Hindiston) da yashadi. 1883 yildan Yevropa (London, Parij)da istiqomat qildi. Parijda Shayx Muhammad Abdu bilan birga «Al- Urvat al-vusqa» («mustahkam birlik») yashirin jamiyatini tuzdi va shu nomdagi gazetani nashr etdi. Moskva va Peterburgda ham bo’ldi. Rossiya musulmonlari bilan uchrashgan chog’ida (1888) Islom dinini isloh qilish va yangilash bilan bir qatorda musulmonlar oldiga fan va texnika yutuqlarini egallash vazifasini qo’ydi. Uning fikricha, bu holat Yevropa madaniyati unsurlarini Sharq muhitiga yuzaki joriy etishni anglatmay, balki Sharqning g’oyat boy ma’naviy madaniyatini va o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, ularni bir-biriga uyg’unlashtirish edi. Sharq xalqlari madaniy va ilmiy merosini kamsitishga qarshi qaratilgan evroposentrizm nazariyasiga qarshi faol kurashgan. Inqilobiy millatparvar doiralar bilan hamkorlik o’rnatdi. 1892 yil Turkiyaga qaytdi va shu yerda vafot etdi. 1944 yil xoki Kobulga olib kelindi va dafn etildi. Qabri ustida maqbara o’rnatilgan. Jamoliddin al-afg’oniy Arab, fors va Fransuz tillarida Islom tarixi va shariat bo’yicha ko’plab asarlar yozdi. Ulardan asosiylari: «Materialistlarni inkor qilish», «Renanga al-Afg’oniyning javobi», «o’qitish va ta’limning foydasi haqida», «Ekzegetni ekzegezi» va boshqalar. Jamoliddin al-afg’oniy Misrda Shayx Muhammad Abdu, Tataristonda Rizouddin ibn Faxruddin (1859-1936), Turkiyada shoir Mehmed Emin kabilarni tarbiyalab yetishtirgan Islom mujtahidi hisoblanadi. Uning ta’limoti vafotidan so’ng ham keng tarqaldi. Turkiston mintaqasida Rossiyaga qarshi olib borilgan milliy ozodlik harakatlarida uning g’oyalari muayyan darajada ijobiy rol o’ynadi. Sharq mamlakatlari (Eron, Turkiya va boshqalar) da bo’lgan inqiloblarda bu g’oya musulmon xalqlarini birlashtiruvchi ta’limot bo’lib maydonga chiqdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Sharqda mustamlakachilik tizimining yemirilishida Jamoliddin al-afg’oniy ta’limotining ham o’z hissasi bor. Ad.: O’zbekistonnning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000. Qahramon Rajabov.