ANTARKTIDA

ANTARKTIDA — Antarktika Janubiy qutb oblastining Markaziy qismini egallagan materik. Maydoni 12,4 million kilometr kvadrat, shelf muzliklari va ular orqali materikka tutashgan orollar bilan birgalikda 13,975 million kilometr kvadrat. Doimiy aholisi yo’q. O’rtacha balandligi 2040 metr, eng baland joyi 5140 metr (Elsuort tog’idagi Vinson cho’qqisi). Dengiz sohillarida ayrim ilmiy stansiyalar va dengiz hayvonlarini ovlaydigan bazalar bor. Antarktida Atlantika, Hind va tinch okeanlarining Janubiy qismlari (Janubiy okean) bilan o’ralgan. Qirg’oq chizig’i deyarli tekis va uzunligi qariyb 30 ming kilometr, ko’pincha bir necha o’n metr keladigan tik muz jarliklaridan iborat. Materikka Ross va Ueddell dengizlari ancha kirib turadi. Muz qoplami va relefi. Antarktidaning 99% yuzasi qalin materik muzligi bilan qoplangan (taxminan 13,0 million kilometr kvadrat). Muzning o’rtacha qalinligi 1720 metr, eng qalin joyi 4300 metr. Muzliklarning hajmi taxminan 24 million kilometr kub. Yer sharidagi hozirgi muzliklarning maydoni jihatdan 87% Antarktidadadir. Muzdan xoli yerlar voha ko’rinishida uchraydi. Aksari qutbiy ilmiy stansiyalar shu vohalarda joylashgan. Muzliklar materikning Markaziy qismidan atrofiga siljib, dengizga tushib boradi va ko’pincha sinib aysberglar hosil qiladi. Mirniy stansiyasi yaqinida muzning yillik harakati 30 — 40 metrdan 350 — 400 metrgacha. Ba’zi joylarda muzliklarning uchlari dengizga o’nlarcha kilometr kirib boradi. Muz ostidagi relef chuqur bo’lgan joylarda muz ayniqsa tez siljiydi. Eng yirik muzliklar Viktoriya yeri tog’ tizmasidadir. Birdmor muzligining uzunligi 180 kilometr, eni 15 — 20 kilometr. Bir-biriga yaqin bo’lgan muz tillari orasida siljimaydigan muzlar — shelf muzliklari hosil bo’lgan. Antarktidada 14 ta shelf muzligi bor (eng yirigi Ross muzligi — 488 ming kilometr kvadrat); bu muzliklarning umumiy maydoni taxminan 900 ming kilometr kvadrat. Antarktida relefi 3-xalqaro geofizika yiliga qadar yaxshi o’rganilmagan edi. Rossiya, Angliya va Amerika Antarktida ekspeditsiyalarining ishlari natijasida Antarktida yer yuzasi dengiz sathidan («Polyus nedostupnosti» stansiyasi yaqinida) 800 metr, geofizik qutbda 1285 metr (Amundsen-Skott stansiyasi) balandlikda, biroq Litl-Amerika — Berd stansiyalari oraligi dengiz sathidan 1000 metr past ekanligi aniqlandi. Antarktida ekspeditsiyalarining ma’lumotiga qaraganda, muz qoplamining eng baland joyi taxminan 4000 metr bo’lib, Sovetskoye platosi yaqinidadir. Antarktida — yer yuzasi juda past-baland materik bo’lib, juda ko’p orollar bilan o’rab olingan. Geologik tuzilishi va relefi xususiyatlariga ko’ra, Antarktida Ueddell hamda Ross dengizlarining Janubiy qismlarini birlashtirib turadigan chiziq bo’ylab Sharqiy Antarktida va G’arbiy Antarktidaga bo’linadi. Sharqiy Antarktidaning ko’p qismi (butun materikning taxminan 3/4 qismi) yaxlit bo’lib, xdmma joyi deyarli bir xil. Kembriy davridan oddin paydo bo’lgan zaminning kristalli jinslari (granit, gneys, kristall slanes) ustida ancha yosh cho’kindi yotqiziklar (devon davridan trias davrigacha paydo bo’lgan jinslar) — qumtosh, oxaktosh va slanetslar yotadi, bu yerlarda katta toshko’mir konlari bor (Viktoriya Yeri). Boshqa foydali qazilmalardan temir rudasi, slyuda, mis, qo’rg’oshin, rux, 20° Grinvichdan g’arbga 0° Grnnvichdan sharqqa 20′ grafit va boshqalar ham qadimgi jinslar bilan bog’liq; yer po’stining sinishi va yorilishi hamda yovdosh joylarning ko’tarilishi va pasayishi Sharqiy Antarktidaning hozirgi relefini hosil qilgan. Yer po’sti yorilganda kuchli vulkanlar otilib bazalt, tuf qoplamlari (Qirolicha Mod yeri) va vulkan konuslarini hosil qilgan (Gaussberg tog’i). Vulkan otilishlari hozir ham tingan emas (Ross oroldagi Erebus vulkani — 3794 metr). Sohillarda muz qalqonini bir necha joyda tog’tizmalari yorib chiqadi: Brittaniya (3209 metr), Qirolicha Aleksandra tog’i (4572 metr), Markem tog’i (4350 metr), Nyu-Shvabenlend tog’lari bor. G’arbiy Antarktida (Ross dengizining g’arbiy sohilidan Greyam yerigacha) ning ko’p qismi tokembriy Antarktida platformasidan iborat bo’lib, ancha keyin paydo bo’lgan burmali tog’ tizmalari bilan o’ralgan. Iqlimi. Antarktidada sohillarini istisno qilganda, kontinental qutbiy iqlim hukmron: temperatura hamma vaqt 0° dan past bo’ladi va yog’in juda kam yog’adi. Yer yuzasi muzlikdan iborat hamda baland bo’lganidan havo massalari antisiklon rejimini hosil qiladi. Yoz, kuz paytlarida materik chekkalarida tsiklonlar paydo bo’lib, ichki rayonlarga ham kirib boradi. Yozda (dekabr, yanvar, fevral) Antarktidada bulutsiz kunlar ko’p bo’ladi, shuning uchun quyosh nisbatan ko’proq ilitadi, lekin quyosh nuri muzdan ko’p qaytadi (o’rta hisobda 90%), oqibatda quyosh issiqligi shimoliy yarim sharning xuddi shu kengliklaridagiga nisbatan 4 — 5 marta kam. Materikning Markaziy qismida eng sovuq oylarning o’rtacha temperaturasi — 60°, -70°, yoz oylariniki — 30° dan -50° gacha; sohilda qishda — 8° dan — 35° gacha, yozda 0 — 5° bo’ladi. O’rtacha yillik temperatura — 50° ga yaqin. Mutlaq minimum — 89,2° (Vostok stansiyasi). Bu esa butun yer sharida eng past temperaturadir. Yer yuzasi sovuq va atrofdagi dengizlar iliqroq bo’lganidan tez-tez kuchli shamollar bo’lib turadi (ba’zan shamol tezligi sekundiga 90 metrga boradi). Yog’in eng ko’p (700 — 1000 millimetr) yog’adigan zona dengiz sohili bo’lib, eni 15 kilometrga yetadi: ichki rayonlarda yiliga atigi 30 — 50 millimetr yog’in tushadi. Iliq paytlarda ham ko’pincha qor yog’adi. Havoning nisbiy namligi o’rta hisobda 73 — 78%. O’simliklari. O’simlik turlari (lishayniklar, zamburug’lar, bakteriya va suvo’tlar) kam va o’ziga xos, ammo ular materikning eng sovuq joylarida ham uchraydi. Hayvonlardan tyulenlar (Ueddell tyuleni, qisqichbaqaxo’r tyulen, dengiz qoploni, Ross tyuleni, dengiz fillari) va qushlardan pomornikning ikki turi, Adeli va imperator pingvinlari uchraydi. Tadqiq qilinish tarixi. 1820 yilda Antarktida qirg’og’iga F. F. Bellinsgauzen — M. P. Lazarev boshchiligidagi rus ekspeditsiyasi kemalari yaqinlashib borgan. Materikning umumiy qiyofasi 19-asrda xaritaga tushirilgan. Antarktidada 1898 — 1900 yillarda norveg tadqiqotchisi K. Borxgrevink birinchi marta (Viktoriya yerida) qishlagan. 20-asr boshlarida qutb tadqiqotchilari R. Skott (1901 — 04, 1910 – 12), E. Sheklton (1907 -09), R. Amundsen (1910 – 12), D. Mouson (1911 — 13) va boshqa materikning ichki rayonlarigacha bordilar. 1909 yil 16 yanvarda Sheklton ekspeditsiyasi qatnashchilari Janubiy magnit qutbiga, 1911 yil 11 dekabrda R. Amundsen, 1912 yil 18 yanvarda esa R. Skott Janubiy geografik qutbga yetib bordilar. 1928 yildan Antarktida samolyotlar yordamida o’rganila boshladi. Antarktidani o’rganish sohasida amerikalik J. G. Uilkins (1928 — 30), ingliz L. Elsuort (1935 -36, 1938 – 39), amerikalik R. E. Berd (1928 — 30; 1933 — 35; 1939 — 41; 1946 — 47) va Finn Ronne (1946 — 48) anchagina ish qildilar. Xalqaro geofizika yili (1957 —58) munosabati bilan va so’nggi davrlarda turli mamlakatlarning ilmiy qutbiy stansiyalari qurilgan, 1991 yilga kelib 48 ta ilmiy stansiya ishlab turdi.