Jangnoma

Jangnoma — epik janr. Bunda tarixiy va afsonaviy janglar, ayrim afsonaviy va tarixiy shaxslar ko’rsatgan mardlik va qahramonliklar mubolag’ali hamda ko’tarinki ruh bilan bayon qilinadi. Mustaqil janr sifatida u qadimgi qahramonlik dostonlari ta’sirida shakllangan. Jangnomalarda qahramonlarning, xususan, bosh qahramonning kuch-qudrati, qurol-yaroqlari, jangi va jasorati g’oyat bo’rttirib tasvirlanadi. Jangnomalar nasriy hamda she’riy shakllarda bo’lishi mumkin. Ko’pgina Jangnomalar nasrda yozilib, ba’zan asar tarkibiga she’riy parchalar ham kiritiladi. Jangnomaning qadimgi ko’rinishlariga qadimgi mifik qahramonlar haqidagi «Jangnomai Jamshid», «Qahramon Qotil», «Xo’shang», «Iskandar poshsho» kabi asarlar kiradi. O’rta asrlarda esa Jangnomalar («Jangnomai Amir Hamza», «Abu Muslim jangnomasi», «Jangnomai Sayyid battoli G’oziy», «Ahmad Zamjiy», «Musaybnoma», «Yetmish g’azot» va boshqalar) xalq orasida keng tarqalgan. O’zbek xalqining madaniy hayotida jangnomaxonlik an’anasi keng o’rin tutgan. Chunki bunday asarlar- ning yaxshi namunalari kishilarni yurtparvarlik, qahramonlik va elga fidoyilik kabi yuksak g’oyalar ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etgan.