Jalyuzi

Jalyuzi (Fransuzcha jalousie) — 1) xonalarni quyosh nuri, yog’in-sochin va boshqalardan muhofaza qilish uchun derazalarning tashqi tomoniga o’rnatiladigan panjarasimon moslama. Temir-beton, alyuminiy, plastmassa, yog’och va boshqa materiallardan bir-biriga parallel o’rnatilgan plastinkalar tarzida yasaladi. Jalyuzi yordamida xonaga tushadigan yorug’likni va kiradigan havoni bir me’yorda tutib turish mumkin; 2) ichki yonuv dvigatelining sovitish tizimida radiator oldiga o’rnatiladigan metall plastinkalar. Haydovchi kabinada o’tirib Jalyuzi yordamida radiatorni sovitadigan havo oqimini rostlab turishi mumkin. Jalyuzi ko’pincha, radiatorning yuqori bakchasiga o’rnatiladigan va radiatordagi sovituvchi suyuqlikning temperaturasiga qarab plastinkalarning vaziyatini o’zgartiradigan termostat yordamida o’z-o’zidan boshqariladi.