Jins hosil qiluvchi minerallar

Jins hosil qiluvchi minerallar — tog’ jinslari tarkibiga doimiy asosiy komponent sifatida kiruvchi minerallar. Silikatlar eng ko’p tarqalgan (yer pusti massasining qariyb 75% ini tashkil etadi). Minerallarning xillari 3000 dan ziyod bo’lishiga qaramay faqat 100 dan ortiqrog’i Jins hosil qiluvchi minerallar, ulardan 60 tachasi eng ko’p tarqalgan. Jins hosil qiluvchi minerallar asosiy, ikkinchi darajali va aktsessor minerallarga bo’linadi. Asosiy minerallar yaxshi o’rganilgan, ular tog’ jinslarining nomini aniqlashda muhim omil hisoblanadi. Ikkinchi darajalilarining borligi yoki yo’qligi tog’ jinsining nomini aniqlashga ta’sir etmaydi. Har qaysi tog’jinsi guruhi o’ziga xos minerallarga ega. Magmatik tog’ jinslari uchun dala shpatlari, kvars, slyudalar, piroksenlar, olivinlar; cho’kindi tog’ jinslari uchun gips, angidrit, gidroslyudalar, galit, kaolinit, Galluazit, kaltsiy va boshqalar; metamorfik tog’ jinslariga kianit, andaluzit, sillimanit, glaukofan va boshqa xarakterli. Magmatik va metamorfik tog’jinslaridagi Jins hosil qiluvchi minerallar ularning qosil bo’lish sharoitini bilishda muhim hisoblanadi. Bir xil tog’ jinslari uchun asosiy hisoblangan minerallar boshqa tog’ jinslarida ikkinchi darajali rolni o’tashi mumkin. Jins hosil qiluvchi minerallar tog’ jinslarining fizik xossalarini belgilaydi. Shuning uchun ham Jins hosil qiluvchi minerallarni o’rganish ilmiy (ayniqsa geofizik tadqiqotlarda) va amaliy ahamiyatga egadir.