Japaq baxshi

Japaq baxshi (aslida Jabbor bergan) Shomuratov (1893, hozirgi Amudaryo tumani, Nazarxon ovuli — 1973, Nukus) — qoraqalpoq baxshisi va bastakor. Orollik o’zbeklardan. Qoraqalpog’iston (1940) va O’zbekiston (1944) xalq artisti. Yoshligida Suyav baxshi, Otajon Baxshi, Juma baxshilardan Doston va termalar o’rgangan. 1911 yildan qo’shiq ayta boshlagan. «G’arib oshiq», «xirmondali», «Yusuf Ahmad», «Go’ro’g’li», «Sayotxon Hamro», «Bozirgon» dostonlarini mahorat bilan kuylagan. To’rtko’l radiosida (1932 yildan), Qoraqalpoq teatri (1936— 52), Qoraqalpoq filarmoniyasi va radio qo’mitasida (1952 yildan) ishlagan. 200 ga yaqin kuy va qo’shiq muallifi, ayniqsa «Amudaryo», «to’lqin», «tug’ishgan o’zbek xalqiga», «bog’lar», «Botir qizlar», «Cho’ponlar» va boshqalar mashhur. Kompozitor O. Halimov bilan hamkorlikda «Suymaganga suykanma» (S. Xo’janiyozov, 1945), «Oygul Obod», «Orol qizi», «Ziyoda», «Berdaq» (J. Oymirzaev, 1946, 1947, 1948, 1950) musiqali drama va komediyalar muallifi. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat mukofoti laureati (1967).