Xaliliy

Xaliliy — ertapishar uzum navi. Bu navning qora Xaliliy va oq Xaliliy xillari bor. Qora yoki qizil Xaliliy O’zbekiston, Qirg’iziston Turkmanistonda tarqalgan. Tupi kuchli o’sadi. Bargi yirik, orqasi tukli. Guli ikki jinsli. Uzum boshi o’rtacha (280-300 gramm), shingillari tig’iz. G’ujumi yirik, tuxumsimon, to’q qizil, eti sershira, qarsillaydi, Po’sti yupqa. Tarkibida qand miqdori 17-18%, nordonligi 4-4,5%. Iyul o’rtalarida pishadi. Rag’a bilan kasallanadi. Hosildorligi 100-120 ts/ ga. Oq Xaliliy vatani — Eron. O’zbekiston, Turkmaniston, Rossiyaning Stavropol o’lkasi, Marokash va Kaliforniyada ekiladi. Tupi kuchli o’sadi. Bargi o’rtacha, sal cho’ziqroq, sal burishgan yoki silliq. Guli kush jinsli. Uzum boshi o’rtacha tig’iz. G’ujumlari o’rtacha, oqish yoki ko’kishsariq, po’sti yupqa, eti sersuv, tarkibida qand miqdori 18— 19%, nordonligi 4-4,5%. Hosildorligi 120-160 ts/ga. O’zbekistonning hamma viloyatlarida rayonlashtirilgan.