«Jeminay»

«Jeminay» (Gemmi) — ikki o’rinli kosmik kemalar nomi (AQSh). Yer atrofidagi orbitada uchirishga mo’ljallangan. Og’irligi 3,2 tonnadan 3,8 tonnagacha. «Jeminay» germetik kapsula (qo’nish apparati), kabina, asboblar bo’lmasi va tormozlash dvigatelidan iborat. Kapsulaning diametri 2,25 metr, uzunligi 5,70 metr. Kabina hajmi 2,33 m3. Orbitada boshqa apparatlarga yaqinlashish tizimi ham bor. Astronavtlarning 14 kun yashay olishiga mo’ljallangan. Bortidagi apparatlar issiqlik elementlari vositasida energiya bilan ta’minlanadi. «Jeminay» faqat suvga qo’ndiriladi. «Jeminay»da o’tkazilgan asosiy tadqiqotlardan biri shuki, dunyoda ikkinchi marta (kosmonavt A. A. Leonovdyan keyin) ochiq kosmosga chiqish masalasi tekshirib ko’rildi («J-4», E. Uayt). 1965 yil 23 martdan 1966 yil 11 noyabrgacha bo’lgan vaqt mobaynida 10 ta «Jeminay» uchirilgan, ularda 16 astronavt parvoz qilgan, ulardan 5 kishi (E. Uayt, Yu. Sernan, M. Kollinz, R. Gordon, E. Oldrin) parvoz paytida kemadan tashqariga chiqib, ochiq kosmosga chiqishga doir masalalarni tekshirib ko’rdi.