ANXRAMAYNU

ANXRAMAYNU (fors tilidagi o’rta asr manbalarida Ahriman, yunon adabiyotlarida Areimanios, Ariman) — zardushtiylikdagi yovuz kuchlar, zulmat va o’lim boshlig’i, Axuramazdaning dushmani, inson ruhiyatidagi salbiy hissiyotlarning timsoli. Avesto kitobining «Gatlar» qismida Anxramaynu nomi umuman eslatilmaydi: ularda yovuzlik ruhi va yaxshilik ruhi — tegishlicha badkorliklar va odilliklar yo’llarini tanlagan egizaklardir. «Kichik Avesto»da Anxramaynu — yovuz ruhlarni boshlab yuradigan «jaholat hokimi» dir; u har xil gunohlar, sehru jodular qiladi, yomonlik timsoli sifatida sovuqlik va qoru muzlikni, o’lim, kasallik, keksalik, zaharli hasharotlarni yuboradi, birinchi inson Govamardni halok etadi. Odatda u, Ahuramazdaga qarshi o’z qo’l ostidagi iblisona kuchlar — devlar yordamida kurashadi. Uning zo’ri bilan dunyo bir-biriga qarama-qarshi 2 taraf — yaxshilik va yovuzliklar tarafiga bo’linib qoladi. Anxramaynu Avestoning «Dinkart» va «Zotsepro’m» degan qismlaridagi rivoyatlarda tilga olinadi. Jumladan, «Dinkart» 7-kitobining 2-faslida va «Zotsepro’m»ning 12-faslida naql etilgan. Unda chegaralar dahsizligini saqlash uchun yaratilgan ho’kizni o’ldirish bilan bog’liq doston bor. Anxramaynuning qilmishi baribir jazosiz qolmaydi. Umuman Anxramaynuning yaxshilik va yorug’likka qarshi kurashi abadiy davom etadi. Lekin Anxramaynu Ahuramazdani yengishga ojizlik qiladi, chunki har doim yaxshilik g’olib chiqadi.