Vaktsinalar

Vaktsinalar (lotincha vaccina — sigirga oid), emlashda ishlatiladigan moddalar —infektsion kasalliklarning oldini olish yoki davolash maqsadida qo’llaniladigan preparatlar. Mikroorganizmlar, shuningdek ularning zararsizlantirilgan toksinlaridan tayyorlanadi, organizmga yuborilganda tegishli yuqumli kasalliklarga nisbatan sun’iy orttirilgan faol immunitet vujudga keladi. Tirik, o’ldirilgan, kimyoviy Vaktsinalar va anatoksinlar farq qilinadi. Tirik Vaktsinalar (chechak, poliomielit, qizamiq, gripr, toun, tulyaremiya, silga qarshi Vaktsinalar) kasallik qo’zg’atish xususiyatini yo’qotgan, biroq immunogen xossalarga ega bo’lgan, qo’zg’atuvchiga qarshi himoya antitelolar hosil qiladigan maxsus kuchsizlantirilgan mikroorganizmlardan tayyorlanadi. Bunda mikroorganizmlar sun’iy ozuqa muhitida yoki hayvon organizmida uzoq undiriladi. Tirik Vaktsinalar qo’llanilganda immunitet barqaror bo’lib, uzoq saqlanadi. O’ldirilgan Vaktsinalar bakteriyalar va viruslarga yuqori temperatura, ultrabinafsha nurlar, ultratovush, formalin, spirt yoki boshqa moddalar ta’sir ettirib tayyorlanadi (ich terlama, ko’kyo’tal va boshqa kasalliklarga qarshi Vaktsinalar). Kimyoviy Vaktsinalar (ich terlama, toshmali terlama, paratiflar, vabo, difteriya, qoqshol va boshqa kasalliklarga qarshi Vaktsinalar), mikroorganizmlar yoki ularning mahsulotlaridan maxsus ajratib olingan faol komponentlardir. Anatoksinlar bakterial ekzotoksinlardan ularning zaharli xossalarini formalinda zararsizlantirish yo’li bilan olinadi. Tibbiyot amaliyotida bitga (monovaktsina), ikkita (divaktsina) yoki undan ko’p (polivaktsina) mikroorganizm komponentlaridan iborat Vaktsinalardan foydalaniladi. Mikroblarning bir necha tipidan tayyorlanib bitta yuqumli kasallikka qarshi qo’llaniladigan vaktsina polyvalent vaktsina deyiladi. Vaktsinalar turli yo’llar bilan yuboriladi; muskul orasiga (qizamiq), teri ostita (ich terlama, toshmali terlama, paratiflar, dizenteriya, vabo, o’lat va boshqalar), teri yuzasiga (chechak, sil, tulyaremiya, kuydirgi), burunga (gripp) yoki og’iz orqali (poliomielit). Ayrim yuqumli kasalliklar (chechak, sil, difteriya va boshqalar)ning oldini olish uchun Vaktsinalar reja asosida, boshqa hollarda esa epidemik ko’rsatkichlar bo’yicha yuboriladi. Vaktsinalarni keng qo’llash tufayli bakterial va virusli infektsiyalarning oldini olishga muvaffaq bo’lindi. Veterinariya amaliyotida virusli (qutirish, Aueski kasalligi, parranda chechagi, o’rdaklar virusli gepatiti va boshqalar) hamda bakteriyali (kuydirgi, brusellyoz, leptospiroz, brauzet va boshqalar) kasalliklarning oldini olish va davolashda tirik, o’ldirilgan Vaktsinalardan keng foydalaniladi. Saidjalol Ahromov, Hoshim Nurmamashov.