Vakuum

Vakuum (lotincha vacuum — bo’shliq) — gazning atmosfera bosimidan past bosimdagi holati. Vakuum tushunchasi ma’lum hajmdagi gazga, shuningdek kosmik fazoga tatbiq qilinadi. Vakuum bosim bir-ligi bilan o’lchanadi. Gazning Vakuumdagi xususiyati gaz to’ldirilgan idish o’lchami bilan gaz molekulalarining erkin o’tish yo’li (molekulaning bir to’qnashishidan ikkinchi to’qnashishigacha bosib o’tgan yo’lning o’rtacha uzunligi) orasidagi munosabatga bog’liq. Gazning siyraklashganlik darajasiga qarab o’ta yuqori, yuqori, o’rta (forvakuum) va past Vakuumga bo’linadi. O’ta yuqori Vakuumga 10 MK Pa dan past, yuqori Vakuumga 0,1 dan 10 MK Pa gacha, o’rta Vakuumga 100 dan 0,1 Pa gacha, past Vakuumga 100 Pa dan yuqori bosim sohasi to’g’ri keladi. Yuqori Vakuumdagi atmosfera bosimidagi gazlarga nisbatan butunlay boshqa xossalarga ega bo’ladi. Yuqori Vakuumda gaz molekulalari idishning issiq va sovuq devorlari bilan to’qnashishi natijasida issiqlik o’tkazish jarayoni ro’y beradi. Issiqlik o’tkazish tezligi gaz bosimiga, temperaturalar farqiga va devorlar orasidagi masofaga bog’liq emas. Vakuumli idishlarning teshiklaridan o’tayotgan gaz miqdori bosim (tashqi bosim bilan idish ichidagi bosim) farqiga bog’liq, o’rtacha bosimga bog’liq emas. Yuqori Vakuumda molekulalar to’qnashmaydi, shu sababli, yuqori Vakuumli idishda molekulalar dastasini hosil qilish mumkin. Yuqori Vakuumli idishga zaryadli zarralar kiritilganda idish orqali elektr toki o’tadi. Masalan, tok o’tishga qattiq jismlardagi termoelektron emissiya, avtoelektron emissiya, fotoeffekt va boshqa hodisalar tufayli zaryadli zarralar chiqishi sabab bo’ladi. Past, o’rta va yuqori Vakuum hosil qilish uchun forvakuum mexanik nasoslar, yuqori Vakuum nasoslari va o’ta yuqori Vakuum nasoslari ishlatiladi. O’ta yuqori Vakuum (magnitli) elektr zaryad nasoslar, gitterion nasoslar, adsorbtsion nasoslar yordamida olinadi. Vakuum manometr va vakuummetrlar bilan o’lchanadi. Elektr vakuum asboblar (masalan, radiolampalar, elektron-nur trubkalari, rentgen trubkalari, fotoelementlar va hokazolar) ishlab chiqarishda Vakuumning muhim ahamiyati bor. Vakuum kimyo sanoati, metallurgiya, kvars shisha ishlab chiqarish, oziq-ovqat hamda to’qimachilik sanoati va boshqa sohalarda keng tatbiq qilinadi.