Luqsor
Luqsor (Arabcha al-aqsar) — Misrdagi shahar, Nil daryosi o’rta oqimining o’ng sohilida. Aholisi 360,5 ming kishi (1996). Temir yo’l stantsiyasi. Aeroport bor. Luqsor — iqlim kurorti. Iqlimi quruq cho’l iqlim; yomg’ir deyarli yog’maydi. O’rtacha temperatura yanvarda 16,7°, martda 22 gradus. Luqsorda buyrak, yuqori nafas a’zolari xastalangan bemorlar davolanadi. Xalqaro turizm markazlaridan. Mehmonxona, pansionat ko’p. Hunarmandchilikda esdalik buyumlari (suvenirlar) tayyorlanadi. Luqsor qadimgi Fiva (Misrning miloddan avvalgi 21— 11-asrlardagi poytaxti) o’rnida bunyod bo’lgan. Luqsorning g’arbiy chekkasida Amonra, Mut va Xonsu xudolarining ibodatxonalari joylashgan. Bu yodgorliklarda yangi podsholik davrining (miloddan avvalgi 16-11-asrlar) me’moriy an’analari aks etgan, kolonnadalardan keng foydalanilgan.