APOSTERIORI VA APRIORI

APOSTERIORI VA APRIORI (lotincha a posteriori — tajribadan so’ng va a priori — tajribagacha) — bilim va uning manbalariga oid falsafiy terminlar. Aposteriori — hissiy bilish orqali tajribadan olingan bilim. Apriori — ongga xos bo’lgan tug’ma bilim. Kant falsafasida bilim bir-biridan keskin farq qiluvchi ikki qismga — tajribagacha va tajribadan so’ng vujudga keluvchi bilimlarga bo’lib tekshiriladi. Kantda makon va zamon kabi tushunchalar sof apriori tushunchalar hisoblanadi, biroq idroksiz, faqat ular yordamidagina hech qanday bilimga erishish mumkin emas. 20-asrda neokantchilik, pragmatism va konventsionalizm asosida apriorilikning funktsional g’oyasi deb ataladigan g’oya vujudga keldi, unga ko’ra apriori qoidalari — fandagi ana shu dastlabki farazlar shartlilik, konventsionallik holatini o’z ichiga oladi.