Venesuela

Venesuela (Venezuela), Venesuela Bolivar Respublikasi (La Republica Bolivariana de Venezuela) — Janubiy Amerikaning shimoldagi davlat. Shimoldan Karib dengizi va Atlantika okeani bilan o’ralgan. Maydoni 912,1 ming km2. Aholisi 23 millionkishi (1999). Poytaxti — Karakas shahri. Ma’muriy jihatdan federal (poytaxt) okrug, 22 shtat, 72 federal hududga bo’lingan. Davlat tuzumi. Venesuela — Federativ respublika. Amaldagi Konstitutsiya 1999 yil 30 dekabrdan kuchga kirgan. Davlat va hukumat boshlig’i — prezident (1999 yil Fevraldan Ugo Rafael Chaves Frias). U 6 yilga saylanadi, ketma-ket ikkinchi marta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — Milliy Assambleya; u aholi tomonidan umumiy to’g’ri yashirin ovoz berish yo’li bilan 5 yilga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Venesuela hududi relefiga ko’ra 3 qismdan iborat: shimoli-G’arb va shimolda And tog’larining bir qismi — Serrade-Perixa va Kordilera-de Merida tog’lari (Bolivar cho’qqisi, 5007 metr), Markazida Orinoko tekisliklari (Lyanos Orinoko) — balandligi 40-150 metrgacha bo’lgan allyuvial pasttekislik va Janubi-Sharqda Gviana yassitog’ligi — denudasion tekislik (300-400 metr) bor. Venesuelaning asosiy qazilma boyligi neft (Venesuela chekka bukilmasi va Marakaybo botig’ida) va gaz; temir rudasining yirik konlari, marganes rudasi, olmos, oltin, nikel va volfram konlari ham bor. Iqlimi issiq subekvatorial bo’lib, yozda yog’in ko’p yog’adi, qishi quruq, Janubi- g’arbda esa iqlimi ekvatorial, nam. Oylik o’rtacha temperatura 25° dan 29° gacha, shimoli- g’arbda 280 mm, Markaziy qismida 750— 1200 mm, Janubi-sharqda 2000 mm gacha va Janubi-g’arbda hamda Kordilera-de Meridaning shimoliy yon bag’irlarida 2000-3000 mm gacha yog’in yog’adi. Daryolari ko’p, asosan Orinoko daryosi havzasiga kiradi; Orinokoning yuqori oqimi va uning o’ng irmoqlari (Ventuari, Kaura, Karoni va boshqalar) serostona, juda ko’p sharsharalar hosil qiladi (dunyoda eng baland Anxel sharsharasi — 1054 metr Venesuela hududida), chap irmoqlarida kema qatnaydi. Eng yirik ko’li — Marakaybo ko’li. Qizil laterit (ferrallit va ferrit) tuproqlar ko’proq uchraydi, Janubiy-Sharqiy va Janubda podzollashgan laterit, quyi Lyanosning shimolda va Marakaybo pasttekisligining Janubda o’tloqi-o’rmon va botqoq tuproqlar tarqalgan. Venesuela hududining yarmidan ko’pi o’rmon, doimiy yashil o’rmonlarda qimmatbaho daraxtlar o’sadi, baland tog’larda o’tloqlar bor. Lyanosda Savannalar, pasttekisliklarida mangra chakalakzorlari ko’p. Milliy bog’lari: kanayma, Serraniyala-Neblina, xaua-sarisarinama va boshqalar. Hayvonot dunyosi juda boy. Bu yerda maymunlar, mayda bug’ular, yalqov chumolixo’r, zirhlilar va boshqa hayvonlar yashaydi. Qushlardan qora tumshuqli qo’ton, katta shaftolixo’r, to’ti, kolibrilar bor. Daryolarda Kayman (timsoh) va elektrik ilonbaliqlar ko’p. Aholisi. Asosan, venesuellar (90%). Venesuelaning Janubda yarim ko’chmanchi indeys qabilalari, sharqsa, Orinoko deltasida varrau, g’arbda, Kolumbiya chegarasida chibcha, karib va aravak qabilalari yashaydi. Davlat tili — ispan tili. Dindorlar asosan katoliklar. Shahar aholisi 84%. Yirik shaharlari: Karakas, Marakaybo, barki- simeto, Valensiya va boshqalar. Tarixi. Qadim zamonlardan Venesuela hududida aravak, Karib va boshqa mayda shevalarda gaplashadigan indeys qabilalari yashagan. Bu qabilalar ibtidoiy-jamoa tuzumining turli bosqichlarida bo’lib, ovchilik, baliqchilik va dehqonchilik bilan shug’ullangan. 1498 yil X. Kolumb Venesuela sohillariga kirib kelgan. 1499 yil ispanlarning A. de Oxeda ekspeditsiyasi Venesuela qirg’oqlarini Marakaybo qo’ltig’igacha tekshirganida indeyslarning suvda qoziqlar ustiga qurilgan turar joyla- rini ko’rib, bu diyorni Venesuela (kichik Venetsiya) deb atashdi. 16-asr boshlarida ispanlar Venesuelani bosib oldi. 1810 yil Venesuelada mustaqillik uchun kurash boshlandi. Bu kurashga F. Mirando, keyinchalik S. Bolivar rahbar bo’ldi. Natijada 1811 yil Venesuela mustaqillikka erishdi. 1819 yil Venesuela Buyuk Kolumbiya Respublikasi tarkibiga kirdi. 1830 yildan Venesuela — mustaqil davlat. 19-asrning 2-yarmidan mamlakatga chet el kapitali suqilib kirdi. 1913 yilda neft konlari ochildi. Neft chiqarishning tez sur’atlar bilan o’sishi natijasida ishlab bsruvchi sanoatning bir qancha tarmoqlari paydo bo’ldi, bu esa mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotiga hal qiluvchi ta’sir qildi. 1947 yil general Medina Angarita harbiy rejimi ag’darilgach, atoqli yozuvchi Romulo Galegos mamlakat prezidenti bo’lib qoldi. Galegos hukumati chet el neft kompaniyalari daromadlaridan davlat foydasiga olinadigan soliqni ko’paytirdi, bu kompaniyalarning faoliyatini cheklaydigan bir qancha tadbirlar ko’rdi, sanoatda davlat sektorini yaratish, agrar islohot o’tkazish to’g’risida qaror qabul qildi. Ana shu tadbirlar, shuningdek Venesuelaning siyosiy mustaqillikka erishish yulidagi harakati chet el monopoliyalarining noroziligiga sabab bo’ldi. 1948 yil noyabrda bir guruh zobitlar chet el monopoliyalari yordamida davlat to’ntarishi o’tkazdi. Peres Ximenes 1952 yilda mustabid diktatura rejimi o’rnatdi. P. Ximenes hukumati davrida (1952-58) Venesuela iqtisodiy asoratga tushdi. Biroq mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar birlashib, diktaturaga qarshi qurolli qo’zg’olon ko’tardi va 1958 yil yanvarda Ximenes hukumati ag’darildi. Bu g’alaba natijasida mamlakatda demokratik yo’ldan borish, mehnatkashlarning eng muhim talablarini qondirish imkoniyati tug’ildi. Biroq prezident R. Betankur hukumati milliy mustaqillikni himoya qilish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirish kerak desada, amalda reaktsion kuchlarga yon berish siyosatini yuritdi. R. Betankurning reaktsion siyosatidan mamlakatdagi barcha siyosiy guruhlar norozi edi. 1963 yil dekabrda saylangan prezident R. Leoni hukumati ana shuni hisobga olib, ichki va tashqi siyosatda juda ustalik bilan ish tuta boshladi. Biroq bu siyosat o’z mohiyatiga ko’ra, millat manfaatiga zid siyosat bo’lganidan mamlakatda ilg’or kuchlarning qarshiligi kuchaya bordi. 1968 yil aprelda hukmron «demokratik harakat» partiyasida parokandalik ro’y berdi va u 1968 yil prezident saylovida mag’lubiyatga uchradi. 1968 yil prezident saylovida sotsial-xristian partiyasining rahbari R. Kaldera g’alaba qozonib, 1969— 74 yillardagi muddatga davlat boshlig’i qilib tayinlandi. Shundan keyin ham Venesuelada davlat prezidenti bir necha marta o’zgardi. Venesuela 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1996 yil 26 aprelda o’rnatgan. Milliy bayrami — 5 iyul — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1811). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari: demokratik harakat, 1941 yilda asos solingan; Xalq saylov harakati, 1967 yilda tuzilgan; Milliy konvergentsiya, 1993 yilda asos solingan; respublikachi demokratik ittifoq, 1946 yilda tuzilgan; Sotsial-xristian partiya, 1946 yilda tuzilgan; sotsializm uchun harakat, 1971 yil tuzilgan; Venesuela Kommunistok partiyasi, 1931 yil tashkil etilgan; radikal ish partiyasi; Beshinchi Respublika harakati, 1997 yil asos solingan; so’l inqilobiy harakat, 1960 yil tuzilgan. Kasaba uyushmalari: Venesuela mehnatkashlari yagona markazi, 1963 yilda tuzilgan; Venesuela mehnatkashlari konfederatsiyasi, 1936 yilda tashkil etilgan. Xo’jaligi. Venesuela — Lotin Amerikasida iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlardan biri. Uning xo’jaligi neft qazib olish va uni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Bu sohada Venesuela dunyoda oldingi o’rinlardan birida turadi. Davlat neft va gaz sanoati, elektr energetika, temir ruda qazib chiqarish va neft kimyosi tarmoqlarini o’z ixtiyoriga olgan. Venesuela yalpi mahsulotida sanoat 48% ni, xizmat ko’rsatish tarmog’i 45 % ni, qishloq xo’jaligi 7% ni tashkil etadi. Sanoati. Mamlakat valyuta tushumlarining 90% dan ko’prog’ini neft sanoati ta’minlaydi. Neftni qayta ishlovchi 12 zavod yiliga salkam 80 million tonna neftni qayta ishlaydi. Shuningdek tabiiy gaz, yuqori sifatli temir rudasi, boksit, marganes, nikel, oltin, olmos, toshko’mir ham qazib olinadi. Yiliga 61 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi (yarmidan ko’pi GES larda). Kimyo va neft kimyosi sanoati, avtomobilsozlik, qora metallurgiya rivojlangan. Oziq-ovqat, to’qimachilik, charm-poyabzal, qog’oz, tsement sanoati korxonalari bor. Asosiy sanoat markazlari: Karakas, Marakaybo, Valensiya, Marakay, Puerto-Kabelo, La-Guayra. Qishloq xo’jaligi. Iqtisodiy faol aholining 12 % ga yaqini shu sohada band. Yirik yer egaligi ustun. Yer maydonining 2% ga yaqini ishlanadi. Yaylov va o’tloqlar 18%, boshqa erlar 80%. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari qiymatining yarmi dehqonchilikka to’g’ri keladi. Ammo u mamlakatning oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojini qondirmaydi. Dehqonchilik asosan tog’yon bag’irlarida va dengiz sohillarida rivojlangan. And tog’laridagi o’rmonlarni kesish va yondirish yo’li bilan ham yer ochib dehkonchilik qiladilar. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: makkajo’xori, sholi, kofe, kakao. Bundan tashqari kartoshka, dukkakli ekinlar, shakarkamish, sug’oriladigan erlarda paxta ham yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, qo’y va echki boqiladi. Karakas, Marakaybo atroflarida yirik sutchilik fermalari bor. Ammo aholining sutga bo’lgan ehtiyoji faqat 50 % qondiriladi. Dengiz va daryolarda baliq ovlanadi. Transporti. Ichki yuk tashishning 90% ga yaqini avtomobil transportiga to’g’ri keladi. Avtomobil yo’llarining uzunligi 101 ming kilometr, temir yo’llarning uzunligi 336 kilometr. Dengiz savdo floti mavjud. Asosiy portlari — La-Salina, Puerto-Kabelo, Marakaybo, Amuay, Punta-Kardon. Chetga chiqariladigan mahsulotlarning 9/10 qismini neft va neft mahsulotlar tashkil etadi; shuningdek alyuminiy, temir rudasi, prokat, kimyoviy mahsulotlar, mineral xom ashyo, oltin ham chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, ehtiyot qismlar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori- darmon, transport vositalari, bug’doy, makkajo’xori, sut mahsulotlari oladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSh, Braziliya, Germaniya, Kanada, Italiya, Yaponiya va boshqalar. Pul birligi — bolivar. Tibbiy xizmatga Venesuela Sog’liqni saqlash vazirligi rahbarlik qiladi. Davlat davolash muassasalarida bepul tibbiy xizmat ko’rsatiladi, xususiy shifokorlar ham bor. Mamlakatdagi kasalxonalarda 40 mingga yaqin o’rin bor. 15 ming shifokor xizmat ko’rsatadi. Shifokorlarni universitetlarning 7 fakuteti tayyorlaydi. Maorifi, ilmiy va madanvy-ma’rifiy muassasalari. Mamlakatda 7 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalarga bepul majburiy ta’lim beriladi. Boshlang’ich maktabda 6 yil, o’rta maktabda (litseyda) 5 yil o’qitiladi. Xususiy maktablar ham bor. Karakasda Markaziy universitet, Valensiya, Marakaybo, Merida shaharlarida universitetlar mavjud. Milliy til akademiyasi (1882), tibbiyot akademiyasi (1904), bodan ortiq ilmiy tadqiqot muassasasi va 60 ilmiy jamiyat, karakasda Milliy kutubxona (1883), tasviriy san’at, tarix va S. Bolivar muzeylari bor. Matbuoti, radioeshittirish va teleko’rsatuvi. Venesuelada nashr etiladigan yirik gazetalar: «Nasional» («millat», 1943 yildan), «Universal» (1909 yildan), «Ultimas Notisias» («so’nggi xabarlar», 1941 yildan), «Mundo» («Jahon», 1958 yildan). Yirik jurnallari: «momento» («lahza», 1959 yildan), «Elite» («Elita», 1925 yildan). Venpres hukumat axborot agentligi 1975 yilda tuzilgan; «Innak» xususiy axborot agentligi 1958 yildan beri ishlaydi. Radioeshittirish 1930 yildan (asosan ispan tilida), teleko’rsatuvlar 1952 yildan olib boriladi. Bir qancha radio va telestansiyalar bor. Radioeshittirish va teleko’rsatuvlarni Venesuela Milliy radiosi va Venesuela Milliy televideniesi nazorat qiladi. Adabiyoti. Ispanlar bosib olguncha bo’lgan indeyslarning xalq og’zaki ijodi namunalari saqlanib qolmagan. Yozma adabiyot asosan ispan tilida rivojlana boshladi. 19-asr boshlarida hajvchi V. Salias, shoir X. A. Montenegro, dramaturg X. D. Dias, publitsistlar F. Miranda va S. Bolivar asarlarida ma’rifatparvarlik g’oyalari aks etdi. Venesuela mustaqillikka erishgandan keyingi yangi adabiyotning shakllanishida shoir va olim Andreas Beloning ma’rifatparvarlik ruhida yozilgan «poeziyaga murojaat», «Tropik dehqonchilik sharafiga» poemalari muhim rol o’ynaydi. 19-asrning 2-yarmidan Venesuela adabiyotida romantizm hukmronlik qildi. Bu oqimning X. P. BoNalde, X. R. Enes, X. Kalkano kabi namoyandalari ijodida Yevropa va Amerika romantizmi asarlariga taqlid kuchli. 19-20-asrlar chegarasida naturalism va modernizm oqimlari paydo bo’ldi. Demokratik va inqilobiy harakatlar ta’sirida tanqidiy realizm rivojlandi. Mamlakatdagi ijtimoiy ziddiyatlar, mehnatkashlarning qashshoq hayoti R. Galegos («Salar oilasidan oxirgi kishi», 1920; «Donya Barbara», 1929; «Qashshoq negr», 1937), R. D. Sanches («Neft», 1936), M. O. Silva («Bezgak», 1939;»Bo’sh qolgan uylar», 1957) kabi yozuvchilar ijodida o’z ifodasini topdi. G. L. Karreri «Mening e’tirozim» (1962) hikoyalar to’plamida, E. Subero «Zulmatda» (1963), E. Kolombani «bugun xitob qilaman» (1963) kitoblarida xalq ommasining norozilik kayfiyati va kurashlarini aks ettirdilar. Taraqqiyparvar adiblar tinchlik, demokratiya yo’lida barakali ijod etmoqdalar. Me’morligi va tasviriy san’ati. Palma shohlari yopilgan kulbalar indeyslarning turar joylari bo’lgan. 16-asrdan boshlab ispanlar tomonidan shaharlar bunyod etila boshlandi. 18- asrda Venesuela shaharlarida binolar, asosan, shahar maydoni atrofida (barokko uslubida) qurildi. La-Guayra, Puerto- Kabelo, Karakas va boshqa shaharlarda ikki qavatli turar joy, savdo, ma’muriy binolar hamda ibodatxonalar qurilishi avj oldi. 19-20-asrlarda Venesuelada Yevropa usulida qurilgan ko’p qavatli har xil me’moriy inshootlar qad ko’tardi. L. Urdaneta, R. Garema, G. Bermudes kabi me’morlar etishdi. Qurilish, asosan, Karakasda rivojlandi. Lotin Amerikasining mashhur me’mori K. R. Vilyanueva ishtirokida Venesuelada universitet shaharchasi va boshqa binolar qurildi. Zamonaviy me’morlik temir-beton konstruktsiyalar asosida rivojlandi. Venesuela hududida ispanlar bosib olgunga qadar indeyslar kulolchiligi va qoya rassomligi rivojlangan edi. 17-18-asrlar rassomligi va haykaltaroshligi asosan diniy xarakterda. 19-asr boshlarida mahalliy portret san’ati vujudga keldi (X. Lovera). 19-asr o’rtalarida ozodlik harakatining ta’sirida vatanparvarlik ruhidagi tarixiy haykaltaroshlik (M. Gonsales, E. Palasiosi-Kavelo) va rassomlik (M. Tovari-Tovar, A. Michelena) rivojlandi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida janrchi A. Michelena, romantik K. Roxas, manzarachi F. Brandt, impressionizm vakillari — E. Boggio, R. Monasterios kabi rassomlar ijod qildilar. Venesuela san’atida realizm bilan bir qatorda modernizm oqimlari ham tarqalgan. Teatri. Karakasda 16-asrdan boshlab teatr tomoshalari orasida ko’rsatila boshladi. 1853 yil Marakayboda birinchi milliy komediya («vijdonsiz, baxil va dangasa», M. Fernandes) sahnalashtirildi. 19-asrning oxiri — 20-asrning birinchi yarmida Venesuela dramaturgiyasidagi jonlanish teatr san’atida ham o’z aksini topdi. 50-yillarda bir necha teatr maktablari ochildi. Karakasda komediya teatri, «teatr munisipal», «Teatro Nasonal», «Poliedro», «Ateneo» va boshqa teatrlar bor. Marakaybo, Barkisimeto, Merida kabi shaharlarda ham teatrlar mavjud. I. Gramko, S. Renxifo, V. Franko, I. Chokron va boshqalarning pyesalari qo’yiladi. A. de pasi-Mateos, K. Ortis, A. Lopes, N. Kuriel, X. Torres va boshqa teatr arboblari mashhur. 1959 yildan Venesuela teatri festivali o’tkazib turiladi. Kinosi. Venesuelada birinchi film («Karakasda karnaval») 1909 yil suratga olingan. Milliy kino san’ati esa 20-asrning 30-yillarida yuzaga keldi. 1948— 54 yillarda Karakasda «Bolivar film» kinostudiyasi ishladi. Bir necha kinoprokat firmasi bor. Venesuelada yiliga 2-3 to’la metrajli film ishlab chiqariladi. Venesuelada tayyorlangan «Morena Klara» ko’p qismli badiiy filmi O’zbekiston televideniesi orqali bir necha marta namoyish etildi. S. Enrikes, U. Petersen, M. Lara, R. Chalbaud, A. Roxas, E. Fernani, E. Montexo Venesuelaning mashhur kino arboblaridir. Venesuelaning O’zbekiston Respublikasidan geografik jihatdan olisligi sababli ular o’rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar endigina rivojlana boshladi. Ikki mamlakat o’rtasidagi tovar aylanmasi 1997 yilda atigi 0,2 ming AQSh dollarini tashkil etdi.