Venetsiya maktabi
Venetsiya maktabi – Italiyadagi asosiy rangtasvir maktablaridan biri; Uyg’onish davrida eng gullagan davrini boshdan kechirgan. Bu davrga xos bo’lgan olamning jo’shqinligi va rang- barangligini hissiy sezish Venetsiya maktabi rang-tasvirida o’zining yorqin badiiy ifodasini topdi. Unda moybo’yoq rang-tasviri ifoda imkoniyatlarining mukammal-ligi, ayniqsa koloritga e’tiborning ustunligi ko’zga tashlanadi. Venetsiya san’atkorlari Vizantiya va gotika an’analarini o’zlashtirgan holda jozibador san’at maktabi yaratdilar, asarlariga tasvirning tekis yuzaligi, oltin zaminning umumiyligi, bezak naqshlar xos bo’lib, sof bo’yoqlardagi tantanali hamohangligi bilan ajralib turadi. Ilk Venetsiya Uyg’onish davri (15-asr o’rtalari va 2-yarmi) namoyandalari asarlarida dunyoviylik ortdi, dunyoni Real tasvirlash, fazo va hajmni berishga intilish kuchaydi; an’anaviy diniy mavzulardagi lavhalarda Venetsiyaning kundalik hayotidan yorqin hikoya qilinadi. An-Tonello da Messina, J. Bellini ijodida yuksak Uyg’onish davri san’atiga o’tish seziladi. Sodda hikoyanavislik o’rnini olamni umumlashma, murakkab ko’rinishini yaratishga intilish egalladi, ularda axloqiy ma’nolarga tuliq ulug’vor inson qiyofalari jo’shqin ruhdagi tabiat bilan tabiiy uyg’unlikda namoyon bo’ladi (J. Bellini, B. Jorjone, V. Tisian va boshqalar). B. Jorjone asarlarida inson bilan tabiatning uyg’unligi mavzui o’zining mumtoz ifodasini topdi; V. Titsian portretlarida ruhan murakkab yaxlit insoniy xarakterlar alohida o’rin tutadi. 16-asr o’rtalarida tarixiy vaziyat tufayli Uyg’onish davrining hayotbaxsh g’oyalari inqirozga uchraydi. V. Tisianning so’nggi asarlarida dramatizm, murakkab ruhiy to’qnashuvlarii yoritish, tasviriy ohang benihoya ta’sirchanlikka ega bo’ldi. Venetsiya maktabi namoyandalari ijodida 17-asr Yevropa san’ati rivojiga ta’sir ko’rsatgan yangi badiiy shakl va xususiyatlar shakllandi, yangi janrlar (tarixiy janr, batal janri, guruh portretlar yaratish) yuzaga keldi. 18-asrda hayotbaxsh bayramonalik bilan jo’shqin va engil, nozik Koloritli kenglik uyg’’unlashgan mahobatli bezak rangtasviri (J. B. Tepolo va boshqalar), jo’shqin ko’tarinki ruhdagi maishiy janr rivojlanadi (J. B. Pyassetta va boshqalar), Venetsiyaning o’ziga xos qiyofasini yaratuvchi me’moriy manzara (veduto) keng tarqaldi. Venetsiya maktabiga xos bo’lgan nur-havo muhiti (plener) ni berish masalalariga bo’lgan e’tibor 19-asr rassomlarini ilhomlantirgan.