ABBOS MAHMUD

ABBOS MAHMUD (1935, Falastinning Safad shahri) — Falastin davlat arbobi. Damashq universitetini tugatgan. Dastlab Qatar davlatining ma’muriy tizimida xizmat qilgan. Siyosiy faoliyatini Qatardagi falastinliklar guruhlarini tashkil etish va birlashtirishdan boshlagan. Abbos Falastin Ozodlik tashkiloti (FOT) asoschilaridan biri, uning Markaziy qo’mitasi a’zosi bo’lgan. 1980 yildan FOTning milliy va xalqaro aloqalar departamenti rahbari. 1988 yildan FOT Ijroiya qo’mitasi a’zosi, 1996 yildan qo’mitaning bosh kotibi, 1996 yil yanvarda Falastin milliy kengashi (parlament) ga saylovlar o’tkazish bo’yicha Markaziy saylov komissiyasi rahbari, 2003 yil Falastin bosh vaziri, 2004 yildan FOT Bosh kotibi hamda mazkur tashkilot doirasidagi fath (Falastin Ozodlik harakati) rahbari, 2005 yil yanvardan Falastin Muxtoriyati raisi, FOT Ijroiya qo’mitasi raisi.