ABDULAZIZXON MADRASASI

ABDULAZIZXON MADRASASI – Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Qo’sh imorat ansamblning Janub tomonida me’mor Mimxoqon ibn Xo’ja Muhammadamin tomonidan 1652 yilda qurilgan. Ulug’bek madrasasining (1419) qarshisida. Madrasa tuzilishi oddiy va hujralari ikki oshyonli. Chorsidovlining har tarafi o’rtasida peshtoqli ayvon bor. Umuman madrasa bezaklari yuksak san’at va mahorat bilan kishlangan. Katta peshtoq nafis va Nodir koshinkori naqshlar bilan ziynatlangan. Islimiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham berilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janub ayvon peshtoqi turlituman naqshlar bilan bezatilgan. Gumbaz shipining ganchli muqarnaslari orasida islimiy naqshlar va zarhal bezagi bor. Hujra devorlarida tabiat manzaralari va imoratlar tasviri ham uchraydi. Naqshlar, asosan, moviy rang bo’yoqlar bilan chizilgan. Asosiy o’lchami: atrof aylanasi 50×67 metr, hovli — 28×35 metr. Madrasa 17 – asr Buxoro mahobatli me’morligining yetuk namunasidir. Madrasa asosan juz’iy ta’mirlar (peshtoq muqarnasini usta Shirin Murodov ta’mirlagan) asosida tartibga keltirilgan. Hovlisida sayyoxlar uchun millim musiqa va folklor tomoshalari ko’rsatiladi. Shimoliy-Sharqiy burchagidagi miyonsaroyda Buxoro yog’och o’ymakorligi namunalaridan iborat ko’rgazma tashkil etilgan.