Abdulla Sher (1943)
Abdulla Sher 1943 yil 5 avgustda Toshkent viloyati Chinoz tumanining Yo‘ltushgan qishlog‘ida hunarmand-misgar oilasida tug‘ilgan. Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan.
1969 yildan boshlab “Guliston” jurnalining adabiy xodimi, bo‘lim mudiri, mas’ul kotibi, “O‘zbekiston fizkulturachisi” gazetasi muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 1970-81 yillarda Moskvadagi Oliy adabiyot kursida tahsil olgan. 1981-1984 yillar mobaynida “Yoshlik” jurnalining mas’ul kotibi, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi birinchi kotibi o‘rinbosari, Yozuvchilar Uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limining mas’ul kotibi lavozimida ishladi. 1989 yildan 2011 yilgacha O‘zbekiston Milliy Universiteti Falsafa fakulteti Etika va estetika kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Abdulla Sher 1975 yildan buyon O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining, 1977 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi. 2000 yilda unga “Oliy ta’lim a’lochisi” unvoni berildi.
Uning birinchi she’rlar to‘plami “Ko‘klam tabassumi” 1973 yili chop etilgan. Shundan keyin u “Alyor” (1977), “Atirgul soyasi” (1979), “Roz” (1980), “Kuz hiloli” (1983), “Qadimgi kuy” (1987), “Nuqtadan so‘ng” (1989), “Toqat” (1997), “Yonayotgan yo‘l” (2007), “Yomg‘irlar oralab” (2009), “Sarbast qo‘shiqlar” (2010), “Sevgi olmoshi” (2010), “Sevilmagan mening sevgilim” (2010) to‘plamlari nashr etildi. Shuningdek u, “Gul yillar, bulbul yillar” (2012) “Saylanma” nomli va “Asrlarning asraganlari” nasriy to‘plamining muallifi.
Abdulla Sher turli yillarda Bayronning Don Juan, Haynening “Qo‘shiqlar kitobi”ni olmon tilidan tarjima qilgan. Shuningdek, rus tilidan Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Axmatova, Charents, Tvardovskiy asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Ayni paytda Abdulla Sher faylasuf olim sifatida “Ahloqshunoslik”, “Estetika” fanlaridan o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar muallifi hamdir.