Abdullaxon II
Abdullaxon II – to’liq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon (1534; Miyonkol, Ofarinkent qishlog’i-1598.8.2, Samarqand)-Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan yirik hukmdor (1583-98), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat homiysi. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chog’idan qattiq kurash olib borgan. Eron, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan faol diplomatik, iqtisodiy, savdo aloqalari o’rnatgan. U ko’plab turli inshootlar qurdirgan. Hozirgacha xalq orasida u yoki bu inshoot qurilishi Amir Temur Abdullaxon II ga nisbat beriladi. Abdullaxon II davrida Buxoro yaqinidagi Sumiton (Jo’ybor) mavzesida Jo’ybor xojalaridan Abu Bakr Sa’d (vafoti 970/971 yil) mozori atrofiga madrasa, masjid, xonaqoh va chorbog’ (1558-66), Buxoro madrasa, hammom, Govkushon, Fatxulla qushbegi, Mirakan, Xoja Muhammad Porso, yangi Chorsu (1569-70), tim, Karmana yaqinida Zarafshon daryosi ustiga ko’prik (1582) va boshqalar qurilgan. Bunday inshoot va karvonsaroylar Samarqand, Toshkent, Balx va boshqa shaharlarda ham bunyod etilgan (masalan, Abdullaxon II ning nufuzli amiri Qulbobo Ko’kaldosh sharafiga Toshkentda qurilgan Ko’kaldosh madrasasi va boshqalar). Karvon yo’llarida sardobalar, rabotlar, kanallar, suv omborlari, ko’priklar, chorbog’lar qurilgan. Abdullaxon II davrida mamlakatda shaharsozlik, adabiyot, ilm-fan taraqqiy etgan. Buxoro madaniyat, ilm-fan markaziga aylangan. Buxoroda mashhur Abdullaxon kutubxonasi tashkil qilingan. Unda mashhur xattotlar Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniy va boshqa kitob ko’chirish bilan mashg’ul bo’lishgan. Hasanjoha Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” asari Abdullaxon II ga bag’ishlangan. Bu davrda shoir, adib va islomshunos olimlar, tabiblar yashab ijod etgan. Abdullaxon II ning o’zi ham iste’dodli shoir bo’lib, “Xon” taxallusi bilan o’zbek va fors tillarida she’rlar yozgan. Abdullaxon II Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan.