ABDULLO MIRZO

ABDULLO MIRZO (1433-1451) – Movarounnahr hukmdori (1450-51). Temuriylardan. Ulug’bekning ukasi Ibrohim Mirzoning kenja o’g’li. Otasi vafotidan so’ng, Fors viloyatiga hokim qilib tayinlangan. Biroq u hali yosh bo’lgani sababli davlat ishlarini onasi Ruqiya begim bilan Otabek Shamsuddin Sheroziy boshqargan. 1447 yil amakivachchasi Sulton Muhammad Mirzo Fors viloyatini bosib olgach, Hirotga qochib kelgan. 1448 yil esa amakisi Ulug’bekning xizmatiga kirib, uning qiziga uylangan. Abdullatifdan keyin Movarounnaxr taxtiga o’tirgan. Ammo toju taxt da’vogari Sulton Abu Sayd Mirzoga qarshi jangda halok bo’lgan.