Abdulloh ibn Muborak
Abdulloh ibn Muborak – to’liq ismi Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muborak Hanzaliy al-Marvaziy [736 (hijriy 118), Marv-797 (hijriy 181), Hiyt shahri]-tabaa tobeinlar; sufiy, muhaddis. Hadis va fiqhda zamonasining yetakchi olimi. Xorazm turkiylaridan Muborak ibn Vozihning o’g’li. Butun umrini haj, ilm va ibodat yo’lida baxsh etgan. Ko’p mamlakatlarga sayohat qilgan. Sayohatlarida Abu Xanifa bilan ko’rishgan va uning eng mumtoz shogirdlari safidan o’rin olgan. Sufiylik, fiqh, hadisshunoslik, tarix, grammatika va tafsirga oid asarlar yozgan. 20 ming hadisni o’z ichiga olgan 20 asarini Abu Hanifaning fiqhiga ko’ra tartib etgan. Jihod haqida ilk asar ta’lim qilgan va ilk daf’a Arba’in (qirq hadis) yozgan. Imom Buxoriyning otasi-Ismoil Abdulloh ibn Muborakning shogirdlaridan bo’lgan. U “Kitob arba’in hadis” (“Qirq hadis kitobi”), “Kitob al-isti’zon” (“Ruxsat kitobi”), “Kitob al-birr vas-sila” (“Ezgulik va siylamoqlik haqida kitob”), “Kitob at-tarix” (“Tarix kitobi”), “Kitob tafsir al-Qur’on” (“Qur’on tafsiri kitobi”), “Kitob ad-daqoiq fir-raqoiq” (“Xul-atvorlar borasidagi nozik qarashlar kitobi”), “Kitob riqa’ al-fatovo” (“Sara fatvolar”), “Kitob az-zuhd var-raqoiq” (“Zuhd va taqvo haqida kitob”), “Kitob as-sunan fil-fiqh” (“Fiqhga oid sunnatlar kitobi”), “Kitob al-musnad” (“Musnad kitobi”) kabi asarlar bitgan. Iroqning Hiyt shahrida ramazon oyining 13-kuni vafot etgan. Uning “Kitob az-zuhd var-raqoi” nomli 16 juzdan iborat kitobi bizgacha yetib kelgan.