ABISSAL YOTQIZIQLAR

ABISSAL YOTQIZIQLAR – hozirgi zamonda Tinch, Atlantika va Hind okeanlari tubining katta (90%) qismida hosil bo’lgan cho’kindilar. Bunday yotqiziqlar ko’pincha 3 kilometrdan ortiq chuqurlikda oksidlanish muhitida paydo bo’ladi. Abissal yotqiziqlar: 1) mayda hayvon organizmlarining skletlaridan; 2) quruqlikdan shamol yoki dengiz oqimi natijasida keltirilgan mineral zarrachalardan, suv osti va suv usti vulkan jinslaridan, kosmik changlardan tashkil topadi. Suv organizmlarining okean tubida tezda parchalanib ketishi uchun kimyoviy sharoit bo’lmasa, u holda organik balchiqlar hosil bo’ladi. Lekin organizmlar okean tubida kam bo’lsa yoki oksidlanish muhitida ularning skeletlari tezda erib ketsa, u holda ko’proq anorganik mineral yotqiziqlar vujudga keladi. Agar bu yotqiziklar tarkibida temir bo’lsa, temirning oksidlanishi natijasida loy cho’kindilari qizil rangga bo’yaladi.