ABRAZIV MATERIALLAR

ABRAZIV MATERIALLAR, abrazivlar (lotincha abrasio — qirtishlamoq) — mayda donador yoki kukunsimon qattiq materiallar. Ulardan charxtosh, jilvir, qayroq va boshqalar tayyorlanadi. Abraziv materiallar tabiiy va sun’iy xillarga bo’linadi. Olmos, korund, kvars va boshqa tabiiy; elektr korund, kremniy karbid (karborund), bor karbidlar sun’iydir. Sanoatda sun’iy Abraziv materiallar keng qo’llaniladi. Sun’iy korund yoki elektr korund, asosan, alyuminiy (Sh)-oksiddan iborat, u tabiiy jinslar (giltuproq va boshqalar) ni elektr pechlarda eritib olinadi. Elektr korund juda qattiq material, 2050°S gacha temperaturaga chidaydi. Birmuncha qovushoq, o’tkir qirrali donachalar tarzida uvalanadi. Elektr korund tarkibida alyuminiy (Sh)-oksid ko’paysa, qattiqligi va qovushoqligi ortadi. Tarkibidagi alyuminiy (Sh)-oksidning miqdoriga ko’ra elektr korundlar ikki xil bo’ladi: 1 — oq elektr korund (98 — 99%, shartli belgisi — EB), 2 — normal elektr korund (91%dan kam emas, shartli belgisi — E). Kremniy karbid elektr pechda qum va toshko’mir aralashmalariga kremniy karbid hosil bo’lishini tezlashtiruvchi qo’shimcha materiallar qo’shib, 1800 — 1850°C gacha qizdirib olinadi. Kremniy karbid elektr korundga nisbatan ham qattiq, ham mo’rt. Kremniy karbid ikki xil bo’ladi: 1 — qora kremniy karbid (qum — 95% dan 97% gacha, shartli belgisi — K4), 2 — ko’k yashil kremniy karbid (qum — 97%, shartli belgisi — K4). Bor karbid qattiqligi olmosga yaqin material. U texnik borat kislota va neft koksidan iborat shixtani eritib olinadi. Qo’ng’ir-qora rangli kukun tarzida ishlab chiqariladi. Abraziv asboblarning xillari: 1 — Yassi silliqlash doirasi; 2 — konus doira; 3 — o’ymali disk; 4 — silliqlash diski; 5 — halqa; 6 — tsilindrik kosacha; 7 — konussimon kosacha; 8 — minerallar uchun mo’ljallangan tsilindrik; 9 — tsilindrik silliklash kallagi; 10 — konussimon; 11 — gumbazsimon; 12 — sharsimon; 13 — kvadrat shaklli cho’zinchoq; 14 — uch qirrali; 15 —doiraviy; 16 — pichoqsimon; 17 — trapesiya shaklli; 18 — qavariq-botiq; 19 — xoninglash uchun mo’ljallangan qayroqtosh. Abraziv materiallarning asosiy ko’rsatkichlari: qattiqligi (mn/m2), mustahkamligi va qovushoqligi, abraziv donalarining shakli, abrazivlik (jilvirlash) xususiyati, donadorligi.