ABSTRAKTSIYA

ABSTRAKTSIYA (lot. abstractio — ajratish, mavhumlash) — 1) butunning tomoni, momenti, bo’lagi, fragmenti, rivojlana olmagan, bir tomonlama, fragmentar (abstrakt) narsa; 2) bilishda ob’yektiv reallikdagi predmet, hodisalarning ikkinchi darajali, uncha muhim bo’lmagan ayrim xususiyatlaridan xayolan uzoqlashtiruvchi va shu asosda ularning eng muhim, asosiy tomonlarini bo’rttirib ko’rsatuvchi fikriy model. Narsa va hodisalarning konkret tomon, belgilaridan uzoqlashish va muhim jihat, belgilarini ajratish jarayoni abstraktsiyalash (mavhumlashtirish), shu jarayonning natijasi, yakuni, xulosasi esa Abstraktsiya deyiladi. Abstraktsiya bilishda tushuncha, kategoriya shaklida namoyon bo’ladi. Mavhumlashtirish asosan tafakkurning muhim xususiyati hisoblansada, lekin tasavvurda ham abstraktsiyaning ayrim elementlarini uchratish mumkin. Abstraktsiyalash jarayonida turli kategoriyalar, qonun, qonuniyat, sababiyat kabi mavhum tushunchalar vujudga kelib, bu tushuncha va kategoriyalar olamni bilishning muhim yakunlarini, natijalarini qurollarini tashkil etadi. Olamni o’rganishda, hodisalarning mohiyatini ochishda, ular haqida to’g’ri xulosalar chiqarishda Abstraktsiyaning ahamiyati katta. Abstraktsiyalash miyaning sof ichki mahsuli emas, u reallikdagi hodisalar xususiyatini u yoki bu tarzda aks ettirishning hosilasidir. Reallikdagi har bir predmet bevosita yoki bilvosita boshqa predmet bilan bog’liq va u bilan birga qandaydir umumiylikka ega. Shuning uchun har bir predmetning faqat o’ziga xos xislatlari bilan birga umumiy tomonlari ham borki, bular shu predmetning ma’lum tartibga, qandaydir umumiy qrnuniyatga bo’ysunishini ko’rsatadi. Shu umumiy tomonlarda bir turdagi qator predmetlarning hammasiga xos bo’lgan xususiyatlar ifodalanadi, buni faqat predmetning ayrim tomonlarini mavhumlashtirish, ulardan uzoqlashib, umumiy tomonlarini aniqlabgina bilish mumkin. Abstraktsiya jarayonida real predmetlardan ajralib qolish hodisalari ham ko’p uchraydi, bunda u asosli xulosalarga emas, balki xato natijalarga, quruq formula, sxemalarga olib keladi. Abstraktsiya ilm-fan, san’at uchun reallikni to’g’ri va chuqur, har tomonlama bilish quroli bo’lib xizmat qiladi. Falsafa Abstraktsiya va abstraktsiyalashning mohiyati, mazmuni, tabiati, ahamiyatini eng umumiy shaklda yoritib beradi. Abstraktsiyaning turli xususiy tomonlari mantiq, psixologiyada ham tahlil etiladi. Abstraktsiya dialektika doirasida talqin etilganda, «konkretlikdan abstraktlikka o’tish» va «abstraktlikdan konkretlikka o’tish» degan dialektik bilish usullari asoslab beriladi.