Abu Muhammad Keshiy

Abu Muhammad Keshiy – to’liq ismi Abdulhamid ibn Humayd Nasr Abu Muhammad Hofiz Keshiy [786 (hijriy 170), Kesh-863 (hijriy 249)] muhaddis, mufassir, faqih va tilshunos. Imom, Hofiz, Hujjat, Javvol kabi laqablar bilan ta’riflangan. Tarixiy asarlarda Keshiy, Kesiy, Laysiy, Ka’biy kabi nomlar bilan mashhur bo’lgan. Bag’dod, Basra, Kufa, Naysabur, Makka, Madina va boshqa ko’plab shaharlarda bo’lib, allomalardan tahsil olgan, o’zi ham shogird chiqarib, ularga hadis va tafsir ilmidan saboq bergan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Muslim Abu Muhammad Keshiydan hadis rivoyat qilishgan. Uning “Musnad Abd ibn Humayd” (“Abd ibn Humayd musnadi”), “Tafsir Abd ibn Humayd” (“Abd ibn Humayd tafsiri”), “Sulosiyot Abd ibn Humayd Kashiy”, (“Abd ibn Humayd Keshiy uchtaliklari”), “Kitob alal-huruf va al-mu’jam” (“Harflar va lug’at kitobi”), “Tasarruf (“Fe’l va ismlarni tuslash”), va “Kitob fa’altu va af’altu” (“Fa’altu va af’altu qoliplari haqida kitob”) nomli asarlari mavjud. Muhaddislarning “Musnad” asari Qohirada Subhil Badriy Somaroniy va Mahmud Subhhil Badriy Somaroniy va Mahmud Muhammad Xalil Saidiy tomonidan tadqiq etilib, 1988 (hijriy 1408) yilda “Maktabat as-sunna” bosmaxonasida chop etilgan. Olimning “Tafsir Abd ibn Humayd” asari Muxlif ibn Banihi Urf tomonidan 2004 yilda “Dor ibn Hazm” bosmaxonasida “Qit’atun min “Tafsir Imom Abd ibn Humayd” nomi bilan 1-jildda nashr etilgan.