ADRAS
ADRAS — tanda ipi tabiiy ipakdan, arqog’i qalin ipdan to’qilgan gazlama. Guli ikki tomonlama bo’lganligi uchun ayrim joylarda duro’ya deb ataladi. Arqoq ipi yo’g’onroq bo’lganligi uchun gazlama yuzasida ko’ndalang chiviqlar hosil bo’ladi. Kudunglanish natijasida yuqori navli Adrasning bir tomoni atlasday silliq bo’lib, ikkinchi tomoni tovlanib turadi. Gullari abr usulida bo’lib sariq, ko’k, pushti, qizil ranglar qo’llanilgan. 1920-yillargacha Marg’ilon, Xo’jand, Buxoro, Samarqand va boshqa joylarda to’qilib, O’rta Osiyo bozorlaridan tashqari Afg’oniston, Xitoy kabi qo’shni mamlakatlarda ham sotilgan. Adras o’zbek xalqi hayotida keng tarqalgan bo’lib, ayollarning kiyim-kechaklari, shuningdek chopon, ko’rpa va ko’rpachalar uchun ishlatilgan. Adras tun — avrasi Adrasdan tiqilgan to’n. Sayyora Mahkamova.