AHMEDOV MURODJON
AHMEDOV MURODJON (1918.1.1, Qo’qon yaqinidagi afg’on qishlog’i — 1988.18.5, Qo’qon) — aktyor va xonanda (dramatik bariton). O’zbekiston xalq artisti (1967). Hamroqul qori, Rahmon hofizlardan ashula yo’llarini, Z. Mirzatovdan sahna sirlarini o’rgangan. Qo’qondagi yosh tomoshabinlar teatri (1933 — 34), Qo’qon (1940 – 55), Farg’ona (1956 – 81) teatrlarida ishlagan. Drama, musiqali drama va komediyalarda rangbarang obrazlar yaratgan; Tohir («Tohir va Zuhra»), Haydar, Ravshan («Nurxon», «Ravshan va Zulxumor»), Bahodir («Burgutning parvozi»), G’ofir («Boy ila xizmatchi»), Aziz («Aziz va sanam»), Navro’z («Gul va Navro’z»), Karl Moor («Qaroqchilar»), Hofiz («O’tgan kunlar»), O’ktam («Kumush to’y») kabi jami 70 dan ortiq xilma-xil qahramonlar qiyofasini gavdalantirgan. Ahmedov qahramonlarini jasoratli, olijanob, yuksak tuyg’ular egasi qilib yorqin tasvirlagan. «Oltin vodiy kuychisi» telefilmi va «O’tgan kunlar» badiiy filmida («O’rtar»ni aytib) suratga tushgan. Ahmedov maqom ustasi, baland avjlarni ham bemalol ayta oladigan kuchli, shirali ovozga ega bo’lgan. «Bu oqshom», «O’rtar», «Toza lutf», «Bayot- 3», «Nasri Uzzol», «Buxoro irog’i» kabi maqom yo’llari, ashula va katta ashulalar Ahmedov repertuaridan o’rin olgan. To’xtasin G’ifurbekov.