AHOLI

AHOLI — yer yuzida yoki uning muayyan hududi, qit’a, mamlakat, tuman, shaharida istiqomat qiluvchi odam (inson) lar majmui. Aholini tadqiq etish bilan maxsus fan — demografiya shug’ullanadi. Aholi o’rtasida sodir bo’layotgan jarayonlar biologik, geografik, ijtimoiyiqtisodiy omillar ta’sirining natijasidir. Lekin Aholi rivojlanishiga hal qiluvchi ta’sirni ijtimoiy-iqgisodiy omillar ko’rsatadi. Aholi muammolari odamlarning biologik xususiyatlari, insonlarning atrof muhit bilan o’zaro aloqasi, ijtimoiy-iqgisodiy taraqqiyot bilan bog’liq. Chunki Aholining mehnatga yaroqli qismi jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchidir. Aholini ilmiy va muntazam o’rganish o’rta asrlardan boshlangan. Aholini hisobga olish Yevropa va Amerikada 19-asrda, qolgan regionlarda 20-asrning dastlabki choragida yo’lga qo’yilgan. O’zbekistonda Aholi haqidagi statistik ma’lumotlar 19-asr 2-yarmidan boshlab mavjud. Respublikada Aholi muammolarini o’rganish 1960— 1970-yillardan boshlab tez rivojlandi. Aholini ifodalovchi asosiy ko’rsatkichlar qatorini — uning takror barpo qilinishi (tug’ilish, o’lim, nikohga kirish, ajralish, tabiiy o’sish), joylanishi, urbanizatsiyasi, migrasiyasi, yosh-jinsiy tarkibi va oilaviy holati, ma’lumot darajasi, irqiy, til, etnik, diniy tarkibi tashkil etadi. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy tarkibini ifodalovchi ko’rsatkichlarga uning bandligi, iqtisodiy faolligi, kasb-hunari va boshqalar kiradi. Jahon aholisining soni uning joydan joyga tabiiy ko’chishi bilan bog’liq. Ayrim mamlakatlar, regionlar, shaharlar tabiiy aholisining soni esa tabiiy ko’payish ko’rsatkichlaridan tashqari migratsiya jarayonlariga ham bog’liq. Jahon aholisining soni, uning ko’payish sur’ati har bir mamlakatda o’ziga xos xususiyatga egadir va bu xususiyat muayyan davlatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzumi bilan bog’liq. Ayrim mamlakatlar, regionlar, shaharlar aholisining soniga tabiiy ko’payishdan tashqari migrasiya jarayoni ham ta’sir etadi. Yer shari aholisining soni va uning o’sish sur’atlari umuman uzluksiz ravishda ortmoqda. Faqat ayrim joylarda va ba’zi bir davrlarda urushlar, epidemiyalar, tabiiy ofatlar natijasida Aholi o’sish sur’atlarining vaqtincha pasayishi, uning mutlaq sonining esa qisqarishi kuzatilgan. Yer kurrasi aholisining soni ko’p ming yillar davomida nihoyatda past sur’atlar bilan o’sdi. Chamasi paleolit davrining oxirida (taxminan miloddan 15 ming yil avval) Aholi soni 3 million bo’lgan, neolit oxirida 50 million kishiga yetgan. Milod boshlarida yer yuzida Aholi soni 230 millionga yaqin bo’lgan. Milodiy 1000 yilda Yer sharidagi aholi soni 275 million kishiga yetgan. 20-asr boshida yer yuzi Aholi soni 1617 million kishini tashkil yetdi. 1995 yilda yer shari aholisining soni 5,7 milliard kishiga yetdi. 1993 yil Yevropada 728 million, Osiyoda 3336 million, Afrikada 670 million, Shimol va Markaziy Amerikada 442 million, Janubiy Amerikada 308 million, Avstraliya va Okeaniyada 28 million kishi yashadi. Aholi sonining o’sish sur’atlari 19-asrning oxiri — 20 – asrning 1-yarmida pasaydi. 2-jahon urushidan keyingi davrda esa yana o’sdi. 20 – asr oxirida yer yuzidagi Aholining o’rtacha yillik o’sish sur’atlari 1,6—1,7% ni tashkil etib, uning mutlaq soni yiliga 90-100 million kishiga ko’paymoqda. BMT ning Prognoziga ko’ra, yer shari aholisining soni 2025 yilda 8,3 milliard kishiga yetadi. Aholi sonining o’sish sur’atlari nisbatan yuqori darajadagi tug’ilish va past darajadagi o’lim ta’sirida shakllanmoqda. 1995 yil Yer shari aholisi tug’ilishining umumiy koeffitsienti (har 1000 aholiga nisbatan tug’ilganlar soni) 24,0% ni, o’limning umumiy koeffitsienti (har 1000 aholiga nisbatan o’lganlar soni) 9% ni tashkil etdi. O’sha yili Afrika mamlakatlarida tug’ilishning umumiy koeffitsienti 41%o ga teng bo’ldi. O’limning umumiy koeffitsienti Osiyoda 8%o ni, Yevropada esa 11%o ni tashkil etdi. Yer shari aholisining muntazam ko’payib borishi aholining o’rtacha umr ko’rishi bilan ham bog’liqdir. 1995 yilda Aholining o’rtacha umr davri Yevropada 74 yosh, Osiyoda 65 yosh, Shimoliy Amerikada 75 yoshni, Janubiy Amerikada 68 yosh, Afrikada 54 yosh, Avstraliya va Okeaniyada 73 yoshni tashkil etdi. Dunyoda Aholining o’rtacha umr davri yuqori bo’lgan mamlakatlar qatoriga Yaponiya (79 yosh), Shvesiya, Shveytsariya, Avstraliya, Kanada, Frantsiya (78 yosh), Gretsiya, Niderlandiya, Ispaniya, Italiya, Isroil, Belgiya (77 yosh), Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh (76 yosh) kiradi. O’rtacha umr davri past bo’lgan mamlakatlarga Markaziy Afrika Respublikasi (41 yosh), Afg’oniston (43 yosh), Gvineya (44 yosh), Serra-Leone (46 yosh), Ruanda (46 yosh), Somali (47 yosh) va boshqa mamlakatlar kiradi. O’rtacha umr davrining uzayishi qariyalar soni va ulushining ko’payishiga, ya’ni «aholining qarishi» jarayonining rivojlanishiga olib kelmoqda. Jahon mamlakatlarining aksariyatida (Hindiston, Nepal, Eron va boshqalar istisno) ayollarning o’rtacha umr ko’rishi erkaklarnikidan yuqori. Yer yuzida Aholining joylashishida, hududiy taqsimlanishi va qayta taqsimlanishida, irqlar va xalqlar shakllanishida migrasiya jarayoni benihoya katta rol o’ynagan. Migrasiya murakkab iqtisodiy-ijtimoiy jarayon bo’lib siyo-siy vaziyat, iqtisodiy taraqqiyot, ishlab chiqaruvchi kuchlarning hududiy tarkibi hamda Aholining ijtimoiy faolligining kuchayishi bilan bog’langan. Migratsiya jarayonlarida asosan mehnatga yaroqli yoshdagi aholi faol ishtirok etadi. 1988— 96 yillarda Sharqiy Yevropa davlatlari siyosiy hayotida bo’lib o’tgan jiddiy o’zgarishlar va ayniqsa, SSSRning parchalanib ketishi umumjahon miqyosidagi Aholi migratsiyasini jadallashtirib yubordi. Aholiga xos eng muhim ko’rsatkichlardan biri, uning joylanishi hisoblanadi. Aholi joylashuvini ifodalovchi eng oddiy mezon — aholi zichligidir. Yer kurrasi aholisining o’rtacha zichligi 1996 yilda 1 kilometr kvadratga 39 kishi bo’ldi. Aholisoni bo’yicha eng yirik davlatlar: Xitoy 1179,5 million kishi, Hindiston 896,6 million kishi, AQSh 258,2 million kishi, Indoneziya 188,2 million kishi, Braziliya 156,5 million kishi, Rossiya 148 million kishi (1993). 90-yillarning boshida dunyo aholisi yiliga taxminan 90 million kishiga ko’paygan. Aholining geografik taqsimlanishi notekis: quruqlikning 7% da 70% Aholi yashaydi. Doimiy Aholi mavjud bo’lgan joylardagi (130 million kilometr kvadrat) Aholi zichligi salkam 45 kishini tashkil etdi. Lekin yer kurrasida Aholi nihoyatda notekis joylashgan. Jumladan, Bangladeshda Aholi benihoya zich (1 kilometr kvadratga 800 kishidan ortiq), Mongoliyada esa o’ta siyrak (1 kilometr kvadratga 1,4 kishi) joylashgan. Aholi zichligi, uning joylashish xususiyatlariga ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan birga tabiiy-geografik sharoitlar (iqlim, relef) ham jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Jahon aholisining deyarli yarmi shaharlarda yashaydi. Shahar aholisining salmog’i uzluksiz tarzda ko’paymoqda. Bunda mexanik harakatning roli juda katta (ma’muriy-hududiy o’zgarishlar va Aholi migratsiyasi). Shahar aholisining ulushi Avstraliya va Okeaniya, Yevropa va Amerikada 70% dan ziyod, Osiyo va Afrikada esa 30%. Shahar aholisining ulushi eng yuqori (80% dan ortiq) bo’lgan mamlakatlar qatoriga Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya kabi mamlakatlar kiradi. Dunyoda qariyb 3 ming xalq mavjud. Uzoq tarixiy rivojlanish natijasida ularning bir qismi millatga aylandi, boshqalari elat, uchinchilari esa — qabila guruhidan iborat. O’zbekiston Respublikasida 120 dan ortiq millat vakillari yashaydi. O’zbeklar mutlaq soniga ko’ra dunyo xalqlari ichida 45-o’rinni egallaydi (18,5 million kishi, 1992). Dunyodagi mamlakatlarning aksariyati ko’pmillatli hisoblanadi. Aholisi ko’p millatli mamlakatlarga Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Pokiston, Rossiya, Eron, Malayziya, O’zbekiston, Qozog’iston va boshqalar kiradi. Aholisi asosan bir millat vakillaridan tashkil toptan mamlakatlar – Turkiya (82%), Germaniya (90% dan ziyod), Yaponiya, KXDR va Koreya Respublikasi (99%, 1993), Bangladesh (98%dan ortiq), Saudiya Arabistoni, Yaman, Gretsiya (95% dan ziyod) va boshqalar kiradi. Dunyodagi bir kancha xalqlar (kurdlar, balujlar va boshqalar) o’z millim davlatchiligiga ega emas. Binobarin kurdlarning umumiy soni 16 milliondan ziyod bo’lib, ular asosan bo’lingan holda Turkiya, Iroq va Eronda yashaydi. Balujlar Eron va Pokistonda mavjud. Ozarbayjonlar o’zining milliy davlatiga ega bo’lsa ham ko’pchiligi Eronda istiqomat qiladi. Xuddi shunday holat yahudiylar, armanlar va tojiklarga ham xos. Din ko’pchilik mamlakatlarning ijtimoiy va siyosiy hayotiga sezilarli ta’sir ko’rsatgan va ko’rsatmoqda, shuning uchun e’tiqod qiluvchilar soni va geografik tarqalish sonini aniqlash katta ahamiyatga ega. La: Valenten D. I, Kvasha al, Osnovi demografii, M., 1989; strani Tsentralnoy Azii v sovremennom mire, T., 1994; migrasiya naseleniya O’zbekistona, T., 1986; Ekonomika Uzbekistana i stran SNG, T., Abduhakim Qayumov.