AJAL ILON

AJAL ILON (Acanthophis antarcticus) — aspidlar oilasiga mansub ilonlarning bir turi, yo’g’on va kalta gavdasining ko’rinishi qora ilonlarga o’xshab ketadi. Uzunligi 75 santimetrgacha, keng va yapaloq uchburchak shakldagi boshi siqiq bo’yni orqali tanasidan aniq ajralib turadi. Ko’zusti qalqoni yon tomonga turtib chiqqan, tanasi ustidagi tangachalarida qovurg’achalar bo’ladi. Baqa va mayda qushlar bilan oziqlanadi. Avstraliya, Yangi Gvineya, Malakka va ularga qo’shni orollarda tarqalgan. Ajal ilon ko’pincha so’qmoq yo’llarda va quyosh tushadigan boshqa ochiq joylarda kulcha bo’lib isinib yotadi. Xavf tug’ilganida boshqa ilonlarga o’xshab qochishga yoki yaqinlashayotgan dushmanini qo’rqitishga harakat qilmaydi. Himoya rangiga ega bo’lganidan piyoda yo’lovchi uni sezmasdan juda yaqin kelib qolganida chaqadi. Ajal ilon zahari boshqa aspid ilonlar zahariga nisbatan kuchsiz bo’lsada, u chaqqan odamlarning aksariyati o’ladi. Shu sababdan bu ilon Ajal ilon deb ataladi.