AKTSESSOR MINERALLAR

AKTSESSOR MINERALLAR (lotincha accessorius — qo’shimcha) — tog’ jinslarining tarkibida miqdor jihatdan oz uchraydigan, lekin sifat jihatdan ba’zan muhim ahamiyatga ega bo’lgan minerallar. Dastlab tasodifiy qo’shimcha minerallar deb (nomi ham shundan) hisoblangan. Keyinroq Aktsessor minerallar tog’-jinslarining qonuniy qismi ekanligi va uning asosida tog’ jinslarining o’zaro o’xshashligi va kelib chiqishini aniqlash mumkinligi ayon bo’ldi. Aktsessor minerallarga tsirkon, apatit, rutil, anataz, ksenotim va boshqalar kiradi. Aktsessor minerallar assotsiasiyalari biror petrografik provintsiyadagi har xil jinslarni o’zaro taqqoslash hamda turli rayonlardagi cho’kindi jinslarning yoshini aniqlash va chaqiq jinslarning manbai va tarixini o’rganish uchun qo’llaniladi. So’nggi vaqtlarda Aktsessor minerallar assotsiasiyalariga asoslanib, magmatik jinslarning fazalari ham aniqlanadi.