AL-MASJID AL-HAROM

AL-MASJID AL-HAROM (arab-muqaddas masjid) — Makkadagi Ka’ba ibodatxonasi va u bilan bog’liq bo’lgan majmua. Qur’onda shu nom bilan tilga olingan. Bu majmua qadimdan mavjud bo’lgan, arablarda islomgacha ham sig’iniladigan muqaddas joylardan biri hisoblangan. Yunon tarixchisi Ptolemey asarlarida 2-asrda Makka va undagi ibodatxonaning mavjudligi tilga olingan. 630 yil musulmonlar Makkani egallagach, Al-masjid al-Harom Islom dinining markazi, eng mukaddas ibodatxona deb tanilgan. Al-masjid al-Harom majmuasining markazida Ka’ba va hovlisida Zamzam bulog’i, ikki tepalik (Safo va Marva) bor. Tepaliklar Tim bilan tutashtirilgan. Masjid 1570 yilda majmua bo’lib shakllangan. To’g’ri to’rtburchak tarhli (160*110 metr), hovli atrofi 3-4 qatorli ravoqli ustunlar qatori bilan o’ralgan. Ustun (jami 550 ta) lar marmar va granitdan ishlangan. Boshasi muqarnaslar bilan bezatilgan. Shimoliy va Janubiy-g’arbiy qismidagi ko’chaga qaragan peshayvon asosiy binodan bir oz tashqariga chiqarib qurilgan. Bino burcheklariga 7 salobatli minora ishlangan [ulardan eng qadimiysi (757 yilda qurilgan) shimoliy qismida joylashgan, shimoli-Sharqiy qismidagisi 15-asrda, qolganlari 16-asr boshlarida qurilgan]. Al-masjid al-Harom musulmonlar haj qiladigan mukaddas joy hisoblanadi. U g’ayrimuslimlar uchun yopiqdir. Oxirgi ta’mirlash ishlaridan so’ng Al-masjid al-Harom maydoni kengayib, 328 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu bir vaqtning o’zida 730 ming, haj va Umra paytlarida esa 1 million namozxonni o’z bag’riga sig’dira oladi. Haj marosimining boshlanishi va tug’allanishida albatta Al-masjid al-Haromga kelib Ka’ba tavof qilinadi.