ALI SHATRANJIY SAMARQANDIY
ALI SHATRANJIY SAMARQANDIY (14-asrning 2-yarmi; asl nomi Ali Tabriziy) — shatranj ustasi. Jahon shaxmat adabiyotiga katta hissa qo’shgan. Amir Temur davrida unga teng keladigan shaxmatchi bo’lmagan. Shatranj to’g’risida yozib qoldirgan risolasida 60 ta mansuba to’plagan, shulardan 19 tasini o’zi tuzgan. Ali Shatranjiy Samarqandiy risolasidagi «Shatranji Kabir» tafsiloti Abulfath Ahmad Sijziy kitobidagi bayonning o’zganasidir. «Shatranji Kabir»ning ayni shu ko’rinishi Temurning sevgan o’yini bo’lgan. Tabrizda, keyinchalik Eron, Ozarbayjonda yashagan Xoja Ali Tabriziyni Xondamir o’sha davrda Shuhrat topgan shaxmatchi sifatida ta’riflaydi. Ali Shatranjiy Samarqandiy Amir Temur uyushtirgan shaxmat majlislarining doimiy ishtirokchisi bo’lgan. Bir vaqtda 4 kishi bilan 4 ta taxtada g’oyibona o’ynay olgan. Xoja Ali Tabriziy Amir Temurning farmoni bilan usta shatranjchi sifatida Samarqandga olib kelingach, Ali Shatranjiy Samarqandiy nomi bilan shuhrat topgan. Ad:. Muhiddinov M., Sohibqiron dona surganda, T., 1996.