ALIMQUL

ALIMQUL (to’liq ismi Mulla Alimqul Husaynboy o’g’li) (1831/32— 1865) — Qo’qon xonligining muvaqqat xoni (Regenti), mingboshisi, amiri lashkari (1863-65). Mallaxon hukmronligi davri (1858-62) da Alimqul xonlikni idora etishda faol qatnashib, eshik og’aboshi va vazir darajasiga ko’tarildi, Mallaxonning eng ishonchli va yaqin kishilaridan biri bo’lib qoldi. Bu davrda Alimqul qipchoqlarning xonlikdagi siyosiy mavqeini tiklashga va mustahkamlashga harakat qildi. Mallaxon o’ldirilgach (1862), uning o’rniga Sarimsoqxonning 17 yoshli o’g’li Shohmurod xon deb e’lon qilindi. U taxtga o’tirgach, otasining qotillarini topib o’ldirtira boshladi. Qotillikda qo’li bor Toshkent hokimi Qanoatning buyrug’i bilan Shohmurodni o’g’irlab ketadilar. So’ng qanoat Xudoyorxonni xon deb e’lon qiladi. Alimqul esa taxtga uning birodari Sulton Murodni o’tqazmoqchi bo’lib, Xudoyorxonga qarshi kurash boshlaydi. Nihoyat, 1863 yil 9 iyulda Alimqul Mallaxonning o’g’li Sulton Sayyidxonni Qo’qon xoni deb e’lon qiladi. Xudoyorxon Buxoroga ketishga majbur bo’ladi. Buning evaziga Alimqul «Amiri lashkar» unvoniga sazovor bo’ldi. Shunday bo’lsada, Alimqul amalda xonlikni o’zi idora qila boshladi. Podsho Rossiyasi qo’shinlari Qo’qon xonligi tasarrufidagi Toshkent va bo’lak shaharlarga taxdid qila boshlagach, Alimqul va Sulton Sayyidxon qo’shin bilan Toshkentga kelishdi (1864 yil 25 noyabr). Alimqul 10 ming kishilik qo’shin bilan Aris daryosi bo’ylariga chiqib, Turkiston va Chimkent oralig’idagi rus qo’shinlari egallagan qo’rg’onlarni qaytarib olishga harakat qildi. Turkiston shahri yaqinidagi Iqon qishlog’ida ruslarning qo’shinini yengib Toshkentga qaytdi. 1864 yil dekabr oxirida Alimqul va Sulton Sayyidxon Toshkentni tark etib, Qo’qonga kelishdi. Chernyaev boshliq rus qo’shinlari Toshkentga yaqinlashganligi haqida xabar topgach, ular qo’shin bilan Qo’qondan chiqib, 1865 yil 7 mayda ertalab Toshkentga yetib kelishdi. Alimqul va xon qarorgohi Afrosiyob tepaligida joylashdi. Shu kuni Mingo’rik mavzesida shahar himoyachilari ishtirokida katta mashvarat o’tkazilib, g’azavot e’lon qilindi. Qashqar hokimi Valixon to’raning qashqarliklar ham bu g’azavotga qo’shilajaklari haqidagi maktubini Alimqul shahar himoyachilariga shaxsan o’zi o’qib eshittirdi. So’ng, Salor kanali bilan Darxon arig’i oralig’i (hozirgi Pushkin ko’chasi) da Alimqul qo’shinlari va shahar himoyachilari bilan rus qo’shinlari o’rtasida qattiq jang bo’ldi. Rus qo’shinlari yengilib, Sho’rtepaga chekindi. 1865 yil 9 mayda Alimqul qo’mondonligidagi qo’qonlik askarlar va shahar himoyachilari Sho’rtepadagi rus qo’shinlariga qarshi hujumga o’tdi. Nihoyatda qattiq jang bo’lib, Alimqul og’ir yaralandi va o’sha kuni vafot etdi. 1865 yil 10 mayda u Toshkentdagi Shayxontohur qabristoniga dafn etildi. Haydarbek Bobobekov.