ALLERGIYA
ALLERGIYA (Yunoncha allos — boshqa, o’zga, begona va ergon — ta’sir) — kishi organizmida tashqaridan ta’sir qiluvchi allergenlik xususiyatiga ega bo’lgan har xil yot moddalarga nisbatan paydo bo’ladigan o’ziga xos reaktsiya. Allergenga nisbatan javob raktsiyasi darhol yoki asta-sekin o’ta sezuvchanlik ko’rsatish orqali sodir bo’ladi. Allergen organizmga tushganida unga javoban haqiqiy va soxta (psevdoallergik) allergik reaktsiyalar paydo bo’lishi mumkin. Haqiqiy allergik reaktsiya boshlanishidan oldin ma’lum bir davr o’tib, bunda organizmning unga birinchi bor tushgan moddaga sezgirligi ortib boradi, bu sensibilizatsiya deb ataladi. Sensibilizatsiya yuzaga kelishi organizmda unga birinchi bor tushgan allergenga javoban alohida oqsil moddalar — antitelolar yoki o’sha allergen bilan o’zaro ta’sir qila oladigan limfositlar paydo bo’lishiga bog’liq. Shungacha allergen organizmdan chiqarib yuborilgan bo’lsa, hech qanday kasallik alomati ko’zga tashlanmaydi. Agar allergen chiqib ketmagan bo’lsa yoki chiqib ketganidan keyin organizmga takror tushsa, bunda u yukrridagi antitelolar yoki limfositlar bilan o’zaro ta’sirlashib, Allergiyaga sabab bo’ladi. Natijada bir qancha biokimyoviy jarayonlar boshlanib, gistamin, serotonin kabi talaygina moddalar ishlanib chiqib, hujayralar, to’qimalar va a’zolarni zararlantiradi, shu tariqa maxsus, ya’ni ilgari organizmga ta’sir qilgan allergenga javoban reaktsiya ro’y berib, allergik kasallik paydo bo’ladi. Soxta reaktsiyalar organizm allergenga birinchi bor duch kelganida boshlanaveradi. Bunda sensibilizatsiya davri bo’lmaydi. Organizmga tushgan allergenning o’zi hujayra, to’qima va a’zolarni zararlantiradigan moddalarni paydo qiladi. Soxta reaktsiyalar ko’pincha doridarmonlar va oziq-ovqatlarga nisbatan ro’y beradi. Organizm allergenga duch kelganida hamisha ham Allergiya paydo bo’lavermaydi. Bunda irsiyat, nerv va endokrin sistemalar ahvoli muhim ahamiyatga ega, chunki kasalikka asosan bu sistemalar funktsiyasining buzilishi, og’ir ruhiy kechinmalar sabab bo’ladi. Allergiyaning oldini olish sensibillovchi ta’sirga ega bo’lgan moddalarning organizmga takror kirishiga va organizm himoya reaktsiyalarining buzilishiga yo’l qo’ymaslik choralarini ko’rishdan iborat.