Allyuziya nima?
Siz, albatta, I. A. Krilovning «Bo’ri itxonada» masalini o’qigansiz. Unda bo’ri qo’yni o’g’irlashga ahd bog’lagani haqida hikoya qilinadi. Ammo odatda adib, bo’ri va bo’ribosar timsollarida go’yo Napoleon va Kutuzov munosabatlarini pardalagandek, 1812 yildagi urush voqealarini shartli tarzda ifodalagan, deb hisoblash odat bo’lgan. Muayyan tarixiy yoki siyosiy voqealarga nisbatan bunday kinoya allyuziya deb ham ataladi (lotincha allusio — kinoya, hazil). O’quvchida birdaniga timsolni o’zi istaganidek idrok etish imkoniyati vujudga kelishi uchun adib bo’ribosar tilidan quyidagi so’zlarni to’kib soladi: «Sen g’o’rsan, men esa, Jo’ravoy, oq bosh». Shu asnoda 1812 yildagi urush pallasida Napoleonning sulh to’g’risidagi taklifiga Kutuzovning bergan javobiga ishora qiladi. Ba’zan allyuziya asosida hatto asarning timsollar tizimi yaratiladi. Masalan, O. Forsh «Tentak kema» degan esdaliklariga real shaxslarni — tanlab olinishi muallif shuurida paydo bo’ladigan umumlashmalarga tayanadigan, asl familiyalari taxalluslar pardasiga yashirilgan hamma yaxshi taniydigan yozuvchilarni kiritadi. Taxallus har bir timsolga yanada umumlashtirilgan, ba’zida hatto ramziy jarangdorlikni ifodalashda adibaga yordam beradi. Adiba o’quvchini unga kerakli allyuziyaga qator detallar kiritishi yordamida atayin yetaklab boradi. Yozuvchilar ba’zida kitobxonga yordam berish, uning idrokini kerakli yo’sinda peshlash maqsadida detallar yordamida hikoya qilishni konkretlashtiradi. Masalan, A. Tolstoyning «ulug’ Pyotr» tarixiy romaniga 1941 yil oxirlaridagi Moskva tasvirini kiritadi. O’z asarini XVIII asr voqealariga bag’ishlagan yozuvchi bir vaqtning o’zida unga zamondosh davr odamlari kayfiyatlarini ham aks ettiradi. Ammo aksariyat hollarda yozuvchi, xususan, agar yaxshi ma’lum bo’lgan timsol yoki voqea haqida so’z ketayotgan bo’lsa, yakuniy xulosani kitobxon ixtiyorida qoldirgancha detallar silsilasini atayin bo’shashtirib yuboradi. Chunonchi Pushkin «Yevgeniy Onegin» sahifalarida: «…lek ziyonli men uchun shimol» satrini bilmasdan yozvorgandek bo’ladida, aslida esa o’zining janubga surgun qilinishiga ishora qiladi. Bunda allyuziya nafaqat uslubiy tariqa, qolaversa shoirga o’z tarjimai holining ayrim faktlari haqida bildirishga yordam beradigan vosita hamdir. Tadqiqotchilar «Yevgeniy Onegin» ning VII bobida keltirilgan Tatyana yashaydigan manzil—»Xaritonda, muyulishda» shoirning o’zi bolaligida Moskvada yashagan manzildan boshqa narsa emasligini aniqlashgan. Tarixiy romanlar va qissalar mualliflari allyuziyalardan ko’p foydalanishadi. Mualliflar ular ko’magidan uzoq o’tmish voqealari bilan bog’liq syujetlar kitobxon ko’z o’ngida xuddi zamonaviydek ko’rinishi uchun istifoda etadilar. Chunonchi, R. Jovanoli 1874 yilda mashhur bo’lib ketgan «Spartak» romanini e’lon qildiradi. Garchi u uzoq o’tmish voqealariga bag’ishlangan bo’lsa-da, kitobxonlar uni o’sha kezlarda D. Garibaldi maslakdoshlari olib borayotgan Italiya ozodligi uchun urushni qo’llab-quvvatlashga da’vat sifatida idrok etdilar. Ayrim asarlarning nafaqat timsollari, qolaversa syujeti ham allyuziyalardan foydalanish asosiga qurilgan bo’ladi. Masalan, B. Pilyakning «So’nmagan oy qissalari» (1926) da birorta ham familiya tilga olinmaydi, ammo muallif keltirgan detallar kitobxonga ishtirok etayotgan shaxslarning haqiqiy ismini oson topishga imkoniyat yaratadi. Allyuziyalar memuar (xotira) asarlarda ham juda keng tarqalgan. Yozuvchilar boshdan o’tkazgan voqealar haqida yanada erkinroq hikoya qilish maqsadida unga murojaat etishadi. Masalan, V. Katayevning «Mening olmos gultojim» degan xotiralarida yigirmanchi yillar voqeligi o’ziga xos tarzda «maxfiylashtirilgan». Ammo diqqatli o’quvchi muallif nimalar haqida hikoya qilayotganini va kimlar asar qahramonlari ekanligi oson ilg’ab oladi. Allyuziya — ana shunaqa serqirra usul!