AMAZONKALAR

AMAZONKALAR – 1) qadimiy yunon afsonalaridagi jangchi ayollar. Rivoyatlarga ko’ra, Amazonkalar Kichik Osiyoda va Azov dengizi qirg’oqlarida yashagan va naslini saqlash maqsadida qushni qabila erkaklari bilan yilda bir marotaba jinsiy munosabatda bo’lganlar. Ulardan paydo bo’lgan o’g’il bolalarni otalariga qaytarib, qizlarga o’zlari harbiy tarbiya berganlar. Kamon tortganda xalaqit bermasligi uchun qizlarning ung ko’kraklarini kuydirishgan (Amazonkalar so’zi «ko’kraksizlar» degan ma’noni beradi). Amazonkalar, odatda, latofatli ayollar sifatida tasvirlangan. Ular haqidagi afsonalar ko’p xalqlar orasida tarqalgan bo’lib, matriarxat davrini aks ettiradi; 2) Amazonka — otliq chavandoz ayol; 3) ayollar ot minganda kiyadigan kiyim.