Amir Temur qachon va qayerda tug’ilgan?
Amir Temur, Temurbek, to’liq aytsak, Amir Temur ibn amir Tarag’ay milodiy 1336 yil 9 aprel kuni Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi hushmanzara ko’hna Xo’ja ilg’or qishlog’ida tug’ildi.
Otasi – Amir Tarag’ay, Tarag’aybek (tug’ilgan yili noma’lum – 1369) barlos qabilasining nufuzli oqsoqoli edi. O’zbek xalqi tarkibida to’qson ikki urug’ borligini bilamiz. Barlos ana shu “to’qson ikki” ning biridir. Amir Tarag’ay Turkistonning o’sha paytdagi hukmdori Amir Qozog’on oldida ishonch qozongan hurmati bor beklardan hisoblanar, Chig’atoy ulusi beklari qurultoylariga qatnashib turardi. Harbiy ishlarga mayli yo’q, taqvodor musulmon, vaqtini darveshlar bilan o’tkazardi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, “Tarag’aybek ulamo va sulaho va muttayiqlarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…”.
Onasi – Tegina Xotun, Taqina begim, Takina Mohbegim (taxminan 1318, Buxoro – 1353, Shahrisabz) Buxoro ulamolari peshvosi mavlono sadr ash-shari’a, ya’ni shariat qonunlarini sharhlovchi alloma Ubaydulloh al-Buxoriyning qizidir. Milodiy 1334 yil 16 yoshda Tarag’aybekka uzatilgan. Oradan ikki yil o’tgach, Temurbek tavallud topdi.
Onasi va otasi Shahrisabzda dafn etilgan. Amir Temur onasi xotirasiga balandligi yetmish bir metr keladigan dunyoga mashhur Oqsaroy yodgorligini bunyod ettirdi. Rivoyatlarga qaraganda, kunlardan bir kun Sohibqironning sakkizinchi bobosi Qochuvli bahodir tush ko’ribdi, tushida uning qo’ynidan bir yulduz uchib chiqib jamol ko’rgizibdi va shu zahotiyoq so’nibdi, keyin ikkinchisi, uchinchisi, to’rtinchisi yarqillab chiqibdi, bari so’naveribdi. Bu hol yetti marta takrorlanibdi. Biroq sakkizinchi martasida katta porloq yulduz otilib chiqibdi-yu butun dunyoni yoritib yuboribdi! Mana shuni Amir Temur yulduzi deb taxmin qilinadi. Undan yana bir necha kichik yulduzlar paydo bo’libdi, katta porloq yulduz magrib chizig’iga bosh qo’yib so’ngaandan keyin, kichik yulduzlar porlashda davom etibdilar…