Amir Temur sulolasi. Amir Temurning oilaviy hayoti

Temurbekning balog’at davri haqida tarixiy manbalarda mufassil ma’lumotlar berilmagan. Davlatshoh Samarqandiy o’zining “Tazkirat ush-shuaro” nomli asarida, Amir Tarag’ayning “Hamma vaqt Sohibqironni zebu ziynat bilan tarbiya qilganligini” aytib o’tadi. Ota-onaning o’z o’g’illariga qanchalik mehr qo’yganligini, uning munosib voris bo’lishini o’ylab ishni tutganliklarini tasavvur etish qiyin emas. Amir Tarag’ay Temurbekni esini tanigandan boshlab, yaxshi saboq olishiga, ulug’lar suhbatida bo’lishiga alohida e’tibor qaratadi. Pirlar anjumanlariga, taniqli kishilar, qarindosh-urug’larnikiga borish-kelishlarga Temurbek ham jalb etiladi. Davlatshoh Samarqandiy shunday naql qiladi: “Deydilarki, Sohibqiron yetti yoshligida otasi bilan bir qarindoshinikiga boradi. Ul kishi badavlat, nufuzli kishi edi va farovonlik bilan kun kechiradi. Uning yetmishta turk va hind quli bor ediki, uning mollari ko’pligini shundan ham bilsa bo’lardi. O’sha kuni Sohibqironning otasiga shikoyat qildi: “Xudo menga ko’p molu davlat berdi, lekin uni saqlashga tamoman ojizman. Qullarimiz sabru toqatli emaslar, farzandlarim esa salohiyatsiz. Shu sababdan molu dunyomga nuqson yetmasa, deb qo’rqaman”.

Shunda, yosh Temurbek gapga aralashadi va, “Ey ota, farzandlaringizga mollaringdan bo’lib bering va, undan so’ng, ularni o’z molu mulkiga dohil qilingkim, ular o’zi bilan o’zi ovora bo’lsin. So’ng turk qullarni hind qullarning tepasiga qo’yingki, hindlarni o’z amri farmoniga bo’ysundirsinlar. Keyin har uch qulni ulardan aqlliroq bir qulning ixtiyoriga topshiring. So’ng, ularning har birini yettitadan qulingizning amir qiling. Keyin yetmish qulga bosh bo’lgan ana shu yettita qulni bir-birining ta’zim va tashrifiga buyuring. Ularni ko’zdan qochirmang, chunki bir-birlari bilan ko’p suhbatlashadilar”, – deydi. Bu so’zlarni eshitgan uy sohibi hayratini yashira olmay, darhol Amir Tarag’ayga: “Sizning bu farzandingiz jahonga podshoh bo’ladi, chunki buni uning shu gaplasridan fahmlab turibman…”, – deydi. So’ng, siyohdon, qalam hozirlab, o’sha gurungda Temurbekdan xat yozdirib oladi. Bunda, “Uning davlat qushi iqbol maydonini o’z qanoti ostiga olgach, biror kishi o’sha kishi, uning farzandlari, zurriyoti na yaqinlaridan xiroj olmasin, ularning gunohlaridan o’tsinlar, uning qavmi tarxon qilinsin,” deb yozilgan bo’ladi. Ul qavm to shu zamongacha Turkiston diyorida tarxondirlar”. Davlatshoh Samarqandiy keltirgan bu naqlning Temurbekdagi tug’ma qobiliyat, favqulodda fenomenni anglab yetishda ahamiyati beqiyosdir.

“Malfuzoti Temuriy”da zikr etilgan bir voqea ham otasi singari, onasining ham Temurbek kelajagi uchun qayg’urganligini dalola etadi. Amir Tarag’ayning piri Shamsiddin Kulol Temurbekka bir kuni yettita non va uch yuz yetmish dona yong’oq tuhfa qiladi. Bular ramziy bo’lib, keyinchalik Temurbekning yetti iqlimni musaxxar etishi va saltanatining uch yuz yil bardavom bo’lishini, avlodidan yetmish kishining saltanat taxtida hukm surishini anglatardi. “Malfuzot” da “To o’shal non bila javz (yong’oq) uyimizda erdi, kun-kundin barokat ortiq, taraqqiylar zohir bo’lur erdi. Va chun bu voqeani onamga arz etdim, onam ham mening boshimni ikki qo’llari bila tutib, duo qildilar. Va so’nggi kun onamga arz etdim, onam ham mening boshimni ikki qo’llari bila tutib, duo qildilar. Va so’nggi kun onam Amir Kulolning xonaqohiga bordilar. Amir Kulol, tavajjuh ko’rguzub, dedilarkim: “Ey xotin, ushbu o’g’lingning avlod va ahfodining davlat va saltanati uch yuz yil davomat bo’lg’ay va aning avlodidan yetmish kishi saltanat martabasiga yetushg’aylar… Chun Amir Kulol so’zin onam manga eshitdurdi”, deyiladi.

Temurbek yetti yoshga to’lganida, otasi Amir Tarag’ay qo’lidan tutib, maktabxonaga eltadi. Unga mullo Aliyak saboq bera boshlaydi. O’n ikki yoshida ko’p do’stlar orttiradi, ular orasida to’rttasi bilan juda yaqin, sirdoshi bo’ladi. Temurbek o’n to’rt yoshida sadoqat va xiyonat nimaligini o’zining beg’ubor hayotiy tajribasida tushunib yetadi: “O’n besh yosh marhalasig’a qadam qo’ydim, – deyiladi. “Malfuzot” da – ot minmak va shikor etmakka mashg’ul bo’ldum”.

Bolalik, o’spirinlik yillari to’g’risidagi shu hildagi ma’lumotlar Temurbekning yoshlik davri bobida ozmi-ko’pmi tasavvur beradi. Otasi bilan birgalikda bo’lgan yurishlar, qarindosh-urug’lar xonadonlarida kechgan suhbatlar, yarim harbiy hayot tarxi Temurbekning chayir, kuchli, matonatli yigit bo’lib ulg’ayishida muhim omillar bo’ladi. Uning yetti yoshlik paytida boy qarindoshiga mol-holni boshqarish yuzasidan bergan yo’rig’i favqulodda aqllilik va ziyraklik namunasi bo’lib qolmasdan, u mansub bo’lgan oilada hokimiyat ishlariga qiziqish merosiy bo’lib kelganligini ham ko’rsatadi.

1352 yilga kelib, Amir Tarag’ay keksayib qolganligi bois, “ofiyat go’shasini” ixtiyor etganligi, ya’ni rasman davlat yumushlaridan ketib, zimmasidagi barcha ishlarni o’g’li, o’n olti yoshli Temurbekka bag’ishlaganligi ma’lum bo’ladi. Temurbek fe’lidagi bir jihatni alohida qayd etish o’rinlidir. U, yoshligidan tartib-intizomni, boshqarish oyinini chuqur o’rgangan. Otasi xo’jalik yuritish, saltanat bilan borliq ishlarga aralashish vakolatini topshirgach, o’z ta’biga, bilimiga amal qiladi, otasining “mol va manoli (boyligi) zabtig’a” mashg’ul bo’ladi va uni idora etishda xos tuzuk – qoidalar ishlab chiqadi. Boy qarindoshiga yetti yoshida bergan maslahatiga o’zi ham amal qila boshlaydi: “Har falonchi qo’ylarni bir suruk qilib, sho’bonlarga topshurdim va nar-madasini aralashtirmay, har qayusin boshqa-boshqa suruk qildim va bu tariqa har yigirma otga bir tavila (otxona) alohida qilib, narlarini boshqa yilqi va modiyonlarini boshqa yilqi qildim va har o’n tug’maga (xizmatkorga) bir tug’mani amir etdim”. Bu so’zlardan Temurbekning oilaviy udumlarni yaxshi o’zlashtiribgina qolmay, xo’jalik yuritishning o’ziga xos yangi qirralarini ham ishga solganligini anglash mushkul emas. Bu jihatlari bilan u bobokaloni Qarochor no’yonga tortgan edi, desak yanglishmaymiz. Vaqtida Qarochor no’yon ham Chingizxon lashkarida qattiq tartibga asoslangan kichikdan kattalashib boradigan harbiy guruh va tizilmalarga asos slogan edi. Aftidan, yosh Temurbek bobosining harbiy islohotlarini yaxshi o’rgangan va uni oilaviy mol-mulk boshqaruvciga ham tatbiq etgan.

Mollarni jinsiga qarab boqish, xizmat qiluvchilarning ichki, o’zaro nazoratini kuchaytirish faqat tartibgina emas, iqtisodiy manfaat keltirishni keskin oshirishni ham ko’zda tutar edi. Amir Tarag’ay xo’jaligi anchayin katta edi, qo’ylar, mollar, otlar, shunga yarasha xizmat qiluvchilar. “Malfuzot”da aytilishicha, Temurbek tug’ilgan yillarda otasi yashab turgan mavzesini “o’z ostig’a obod qilganligi” aytiladi. Qalqamadagi bu mavze hozirgi kunda ham Tarag’ay nomi bilan ataladi. Xo’jalik yuritishda muvaffaqiyatlarga erisha boshlagan Temurbek, o’z atrofiga hamfikrlar to’plashga harakat qiladi. U o’n sakkiz yoshga kirgan paytida yonida qirq yigiti bor edi. Lashkar jam qilish katta sarmoya bilan bog’liq bo’lgan. Temurbek iqtisodiy o’nglanish ishlariga qiziqib, bu paytlarda uylanishni ortga surib turgan ko’rinadi.

XIV asrning 50-yillari boshlariga kelib, Turkistonda boshboshdoqlik kuchaygan, istalgan qavm boshlig’i qo’shin yig’ib, mulkgirlik qilishi mumkin edi. Qozonxondan hokimiyatni tortib olishda Amir Qazag’onga ko’mak bergan amirlar ko’p o’tmay, o’z boshiga hukm surish yo’liga o’tgan edilar. Amirlarning har biri Amir Qazag’onni ag’darish, uning o’rniga o’zi bo’lish payiga tushgan edi. Temurbekning amakisi, Kesh hokimi Amir Hoji Barlos ham shularning biri edi. Hokimiyat ilinjidan yosh bekzodalar ham mustasno emas, Temurbek ham ularning biri, balki, yetakchilaridan edi. Temurbek lashkar to’plab, hujum tadorigini ko’rayotgan bir vaqtda, ayni o’n sakkiz yoshga kirgan paytida – 1354 yilda onasi Tegina begim Moh olamdan o’tadi, Yuz bergan musibat yosh Temurbek rejasining amalga oshishiga halal beradi.

Aftidan, Tegina begim Moh yilning boshlarida vafot etadi. “Malfuzot”da, ul yilkim onam azasidan chiqdim”, deyiladi. Yilning oxirlarida ona marakasi o’tkaziladi va Amir Tarag’ay Temurbekni o’z qarindoshlari bo’lgan Qarochor no’yon shajarasidan yana bir tarmoq – Amir Joku Barlosning qiziga unashtiradi. Amir Joku Temurbekka yaqin qarindosh, ota tarmog’i bo’yicha amaki hisoblanadi. Uning shajarasi ham Qarochor no’yondan boshlanadi: Amir Joku ibn Muborak bin Tug’on bin Qodon bin Shirg’a bin Qarochor no’yon, boshqacha aytganda, Amir Tarag’ay Qarochor no’yonning o’g’li Eyjil urug’idan bo’lsa, Amir Joku Qarochor no’yonning yana bir o’g’li Shirg’a to’poridan edi. Amir Joku Barlos avlodi Qashqa vohasining quyi qismida joylashgan. U Amir Tarag’ay bilan tengqur bo’lgan. Amir Temur tajrimai holiga bag’ishlangan “Malfuzoti Temuriy”da Sohibqiron o’z tilidan, onasining yillik marakasi o’tgach, otasi “Amir Jokuyi Barlosning qizini manga nomzod qildi”, deydi. Amakisining qizi bilan bo’lgan turmush uzoqqa bormagan. Shu asarda qayd etilishicha, “ul ham olamdan rixlat qildi”, ya’ni vafot etganligi aytiladi. Amir Temurning ko’z ochib ko’rgani – birinchi ayoli, Amir Joku Barlosning qizi ismi sharifi, taassufki, tarixiy manbalarda tilga olinmaydi. Tadqiqotchilar bu xususda turlicha taxminlarni o’rtaga qoyadilar. 1360 yilga qadar Temurbekning Muhammad Jahongir Mirzo va Umarshayx Mirzo ismli ikki farzandi bo’lgan. Har ikkalasi ham bir yilda – 1356 yilda tavallud topganligi manbalarda zikr etiladi.

Fikr bildirish