Amir Temur sulolasi. Otadan o’tgan bag’rikenglik

Shohruh Mirzo Xuroson va Movarounnahr hukmdori bo’lganidan buyon ancha yillar o’tayotgan edi. Hijriy 819 (1416) yilga kelib hamki, u yoki bu viloyatlarda itoatdan chiqadigan, mulkni ajratib olishga intiladigan kimsalar topilib turardi. Shulardan biri Sulton Uvays ibn amir Idiku edi. Shohruh Mirzo uni tinchitish bobida otasi Sohibqiron tutgan yo’lni tanlaydi – taniqli kishilarni oraga solidi, muammoni tinch yo’l bilan, muloqot va kelishuv asosida hal qilishga intiladi. Sulton Uvaysni tinchitish ishini Sayyid Shamsiddin Bumiy bo’yniga oladi. U Kermonga borib, Sulton Uvaysga ko’p va’zu nasihatlar qiladi. Biroq, ish quyushqondan chiqqan, va’z-nasihatlar kor qilmaydigan darajaga kelgan edi. Janob Sayyid amir Shamsiddin Hirotga qaytib, Sulton Uvaysning gapiga kirmaganligini arzga yetkazadi.

Shohruh Mirzo qirq ming otliq qo’shin bilan 1416 yilning 29 mayida Kermon sarhadiga yetadi. Sulton Uvays jangga hozirlik ko’rgan, urush asbobini taxt qilib, urushmoq uchun shahar tashqarisiga chiqadi. Hirot lashkari haybatidan qo’rqib, ro’baro’ turishga o’zida kuch topolmaydi va elchilar yuborishga shoshiladi. Muarrix aytadi: “Hazrat xoqonning tabiati aslida tug’ma marhamatg’a ega bo’lganidan iltimosni qabul qilib, “Sulton Uvays bir necha bor va’da qildi-yu, lekin va’dasiga vafo qilmadi, endi agar shu so’ziga sodiq bo’lsa, biror ishonchli kishini yuborsin, ammo, lashkar bo’ysunmagunicha, amirlar o’rinlaridan jilmasinlar”, deydi. Endi, qarang-da, bir tajriba qilib ko’raylik. Sulton Uvays o’rniga Xorazm podshohi Husayn So’fini, Shamsiddin Bumiy o’rniga Xoja Afzaliddin Keshiyni, Shohruh Mirzo o’rniga Sohibqiron Amir Temur ismi-shariflarini qo’yaylik. Bu holda o’tgan XIV asrning 70-yillaridagi, Amir Temur hazratlari amalga oshirgan siyosat va harakat aynan takrorlangan bo’lib chiqadi. Ha, buning sira ajblanadigan yeri yo’q. Sohibqiron davlat boshqaruvida o’zining bag’rikenglik, ittifoqlashish, muammolarni tinch yo’l bilan hal etishdek ulug’ yo’lni asoslab ketgan edi. Shohruh Mirzo shu yo’lni og’ishmay amalga oshira borayotgan edi.

Sulton Uvays taniqli kishilardan biri amir Shayx Xasanni Shohruh Mirzo huzuriga yuboradi. Pixini yorgan Sulton Uvays, Shayx Hasanga Shohruh Mirzodan, uning kechirimi haqida yozma ravishdagi yorliqni olib kelasan, degan topshiriqni beradi. Uning bunday talab qo’yishga haqi bo’lmasa-da (u mag’lubiyatga taqab qo’yilgan edi), Shohruh Mirzo ranjimaydi. Amir Shayx Hasan, “Onhazratning (Shohruh Mirzoning) bebaho iltifoti va asl xushfe’lligi, garchi uning har bir farmoni uchun biror vasiqa bo’lishi yoki biror ahdnoma lozimligidan yuqori tursa ham, ammo olam va odamzod tabaqalari orasida muvaffaqiyat va yaxshi alomat tilash maqsadida Tangri nomini o’rtaga qo’yib ahdlashib olish oddiy bir sunnat va mashhur bir odatdir va qullar bilan egalari orasida shu xildagi munosabatlar voqe bo’lib kelgan. Shu tufayli, Sulton Uvays ham o’zida ishonch hosil qilib, hech taraddudsiz yer o’pishga otlanmog’i uchun xoqoni said hazratlaridan ahdnoma olib kelishga bu qulni yubordi, deb arz qildi”. Shohruh Mirzo iltifot jildiga o’rab aytilgan bu surbetlikka javoban, shunday deydi: “Tangriga hamd bo’lsinki, agar istasak yaxshilik bilan ham, kuch qo’llab ham unga o’z hukmingizni eshittirishga yetarli kuch-qudratga egamiz, ammo Sulton Uvaysning iltimosiga asosan yaxshi niyat vas of e’tiqod bilan Allohi Taoloni yod qilamizki, oramizda bu ahdnoma bunyodga kelgan ushbu soatdan boshlab, dilu tilda va botinu zohirda ushbu so’zlarni birdek e’tirof etaman, ya’ni Sulton Uvaysga qarshi dilimda hech bir yomonligim yo’q va unga qasd ham qilmayman, imkon boricha unga qasd qiluvchilarni daf etishga harakat qilaman. Agar ilgarilari men mamlakat ishlarini yaxshilash yuzasidan hukm qilgan yo bahslashgan, buyruq bergan yo biror noma yozgan bo’lsam, endi uning xilofini qilaman. Toki u o’z va’dasiga vafo qilib borar ekan, biz ham ushbu bitilgan so’zlarda qat’iy turamiz va bu ahdga, toki uning tarafidan biror nuqson yetmaguncha, vafo qilamiz. Endi u bizning panohimizga sig’inib, bu tomonga yuzlanmog’i lozimdir. Muxolifatchilik gap-so’zlari oraga tushganligi sababli agar u kelishdan bosh tortsa, unda lashkar yuborish saltanat himmati zimmasidagi vazifadir, balki o’zimiz shaxsan otlanishimiz ham lozim bo’lar. Agar kelsa, birodaru farzandlardan ham azizroq bo’ladi”. Bu so’zlarni “Matlai sa’dayn” sahifalaridan o’qib, avvaliga, Shohruh Mirzo taslim bo’lishga taqab qo’yilgan bir viloyat hokimi oldida juda past ketmadimikin, degan xayolga bordim. Ayniqsa, isyonkor, bo’ysunishdan bosh tortgan hokimning poytaxtga bosh egib kelishining bahosini nihoyatda oshirib yuborish, “birodaru farzandlardan” – ukalar, amakizodalar, o’g’illaridan ham azizroq ko’rish va’dasi erish tuyulgan edi. Bunday o’ylab ko’rsam, Sulton Uvays gapida turmay, kelishdan bo’yin tovlasa, yana qirq ming otliq askar Kermon shahrini o’rab olsa va qonga botirsa, qancha begunoh kishilar qirilsa, podshohning yon berishi bilan bu qirg’inning bahosini tenglashtirib bo’ladimi? Shohruh Mirzo bitta yovni el qilish uchun shunday yo’lni tutgan. Vaqtida Sohibqiron razil To’xtamishni o’g’lim deb qabul qilganligini bir yodga olib ko’raylik-a? Bunday jo’mardlik mamlakat, davlat taqdirini o’z taqdiridan ustun qo’yish bilan barobar edi.

Fikr bildirish