Avval tevarak-atrofga ko’z tashlanglar, keyin dushman ustiga ot solinglar.
Agar biron ishni qilmaslikka so’z bergan bo’lsang, uning yaqiniga ham borma.
Agar dushmaning mehr-shafqat, muruvvat, xayr-ehsoningni ko’rsa-yu, keyin yana dushmanlik yo’lini tutsa, uni Parvadigori olamning hukmiga topshir.
Agar dushmaning panohingga bosh urib kelguday bo’lsa, unga yaxshilik qil, muruvvat ko’rsat.
Agar mamlakat hokimsiz qolsa, unga zarar-ziyon yetdi. Hol-ahvolida fahsh (buzuqlik) yuz beradi.
Agar podshoh zolim bo’lib, vaziri odil bo’lsa, podshohning jabru zulmini to’xtatish chora-tadbirlari ko’radi. Agar vazir zolim bo’lsa, unda saltanat ishlari tez orada zavollikka yuz tutadi.
Agar sizlar tarqoq holda bo’lsalaringiz, dushmanlaringiz xuddi hovuzga sho’ng’iganday, qon daryolaringizga sho’ng’iydilar.
Agar fikringiz ittifoqqa kelib, orzu-havasingiz bir bo’lsa, farzandlaringiz ulg’ayib, dushmanlaringiz mag’lub bo’ladilar.
Agar insof bilan jahon gulshani obod bo’lur.
Adovat emas, adolat kerak.
Adolatu insof bilan Tangri bandalarinig o’zingdan rozi qil.
Ajal – qo’rqoqqa bahona.
Aslida davlat Tangri taoloning fazlu inoyatidandir, ammo sababchisi bandasi bo’ladi.
Donolar aytganlar: aqlli dushman johilu nodon do’stdan yaxshiroqdir.
Aqlli kishi uchun to’la baxt-saodat bilan kelgan xursandchilikdan ko’ra, azobu uqubatdan keyin kelgan xursandchilik afzaldir.
Aqli raso va xushyor kishilardan kengashu tadbir so’rab, fikrini ol.
Ahliga vafo qilmagan kishi oxiri jazoga mubtalo bo’ladi.
Bekorchi, fisqu fasodchi va ishyoqmas kishilarni viloyatu shaharingda tutma.
Belgilab qo’yilgan ishingni to’g’ri tadbir, qat’iy jazm, sabr-toqat va ehtiyotkorlik bilan, keyinini o’ylab qil.
Baxt-saodat va mulk eshiklarining menga ochilishi Seiston o’qi sababidan bo’ldi.
Bir yerda turaverish qo’shinning tarqalib ketishiga sabab bo’ladi.
Bilgan va tanigan odamlaringni unutma.
Bir ishga kirishmay turib, undan qutulib chiqish yo’llarini belgilan qo’y.
Bir ishni qilish qaror bergan bo’lsang, qilmaguncha qo’yma.
Bir gunohkorning o’rniga boshqasiga jabr-zulm qilma.
Bir kalima shirin so’z qilichni qiniga solidi.
Bir kunlik adolat yuz kunlik toat-ibodatdan afzaldir.
Bir kun keladiki, zolimlar barmoqlarini tishlab qolishadi.
Bilagi zo’r birni yiqar, bilimi zo’r mingni.
[Odamlar to’g’ri aytadilar:] bir g’ilofga ikki qilich sig’mas.
Biron voqea, kor-hol bo’lmasdan turib, oldindan chora-tadbirini ko’rib qo’y.
Biron ishni qilishga qasd qilgan bo’lsang, butun zehning, vujuding bilan tirishib, bitirmaguncha undan qo’l uzma.
Biron ishni qilmoqchi bo’lsang, amirlaring bilan kengashib olgan keyin, Qur’ondan fol ochib ko’r.
Biron kimsaning haqi bo’lsa, haqini hech qachon unutma.
Biron kimsa bilan tanishgan bo’lsang, uni hech vaqt nazaringdan uzoq tutma.
Botir jangda bilinear, dono mashvaratda.
[To’g’ri aytganlariday:] botir qal’a ochadi.
Boshingga kulfat tushganda ham haqgo’y bo’l.
Boshliqsiz mamlakat – jonsiz tanadir.
[Juda to’g’ri aytadilar:] bugungi ishni ertaga qo’yma.
Bo’lib o’tgan ishga aziyat chekma, hosil bo’lgan yutuqdan ortiqcha quvonib ketma.
Vazirlar va amirlar xususida yaxshi-yomon gap qilsalar eshit, lekin hukm chiqarganda tamom haqiqat ochilmaguncha shoshilma.
Vazirning aslligi va toza naslligi ruxsat etuvchi va ta’kidlovchi farmonlaridan ko’rinib turadi.
Vaqt o’tgandan keyin qilichingni toshga chop.
Vahima dushmanga yo’ldoshdir.
Garchi dushman ko’rinishida o’zini do’st tutib, ichida hasad va dushmanlik turgan bo’lsa-da, u bilan murosayu madorada bo’l.
Goh qattiqqo’llik bilan, gohida muloyimlik bilan ish tut.
Gunohkorga ham, gunohsizga ham shafqat qilib, haqiqat yuzasidan hukm chiqar.
Davlat agar dinu oyin asosiga qurilmas ekan, tura-tuzukka bog’lanmas ekan, unday davlatning tartibi va qudrati bo’lmaydi.
Davlat ishlarining to’qqiz ulushini tadbir va mashvarat bilan, qolgan bir ulushini esa qilich bilan qildim.
Davlat lashkar va fuqroning sadoqati va fidoiyligi bilan qudratlidir.
Davlat to’rt narsa bilan: saltanat, xazina, sipoh va xalq bilan tirikdir.
Davlatni saltanat tartib-qoidalariga asoslangan holda idora qil.
Davlatu ne’mat martabasiga erishganingda qavm-qarindosh, tanish-bilish va boshqalarning yaxhiligini unutma.
Davlat va siyosat ishlarida layoqati bo’lmagan kishi zulm va sitamga barham berishga ojizdir.
Dorug’alar va hokimlar xalqqa zulm qilib, uni xarob qilgan bo’lsa, qilmishlariga yarasha jazolanishlari kerak.
[To’g’ri aytadilar]: dushmaningga ham jabr-zulm qilma.
Dushman ustiga lashkar tortmoqchi bo’lsang, urush-yarash xususida amirlaring bilan kengashib ol. Agar urushga moyil bo’lsalar, uning foydasini yarash ziyoniga solishtirib ko’r. Qaysi biri foydaliroq bo’lsa, o’shani ixtiyor qil.
[Odamlar to’g’ri aytadilar:] do’stlik imtihonda sinaladi.
Do’stu dushman tarafdan kimki huzuringga iltijo qilib kelsa, do’stlarga shunday muomalada bo’lginki, do’stligi ortsin. Dushmanga esa shunday muomala qilginki, dushmanligi do’stlikka aylansin.
Yem-xashaksiz ot dovon osholmas.
Yozilgan kitob avlodlar xotirasi uchun qilingan barcha narsalardan ko’proq va uzoq yashaydi.
Johil rahbaring bo’lganidan ko’ra rahbarsiz o’tgan yaxshi.
Zinodan tug’ilgan kishi unga yaxshilik qilgan kishiga yomonlik qilmaguncha, yorug’ jahondan ko’z yumolmaydi.
Zolimlardan mazlumlar haqini undirib ber.
Zulmda davot obi hayotga aylanib, senga rahnamolik qiladi.
Mamlakatda zulmdan nom-nishona qoldirma.
Ishbilarmon odam mardlik va shijoat sohibidir.
Kengash ikki turli bo’lur: biri til uchida aytilgani, ikkinchisi yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini shunchaki eshitib, yurakdan aytilganini qalbing qulog’iga quyib ol.
Kengash egalari birlik, ittifoqlik bilan so’zda sobit, ishda chidamli bo’lishlari lozim.
Kimki oqilona gapni er kishiga xos shiddat bilan aytsa unga quloq sol…
Kimki Muhammad Mustafoning, unga Tangri taoloning marhamatlari va salomlari bo’lsin, dinini qo’llab-quvvatlasa, sen ham uni qo’llab-quvvatlasa, kimki uni xor qilsa-sen uni zor qil.
Kim senga do’stlik qilsa, do’stligi qadrini unutma, unga mehr-muruvvat, xayr-ehson, izzatu ikrom ko’rsat.
Kimning aqlu shijoatini imtihon tarozusida tortib ko’rgan bo’lsang, uni tarbiya qil.
Kunduzlari tajribali va dono kishilar bilan mamlakatlarni zabt etish shatranji ustida bosh qotirdim, kechalari esa mamlakat ishlarini yurgizish xususida fikr qildim.
Kurashmay erishilgan g’alaba – ga’laba emas.
Ko’p narsani bilib, sezib tursang ham, o’zingni bilmaslikka sol.
Lashkarni atrofingga to’plash uchun ba’zilariga muruvvat, mehribonlik ko’rsat. Boshqalari bilan esa kelishishga intil.
Maslahat, kengash, tadbirkorlik – faollik va xushyorlik bilan ish tutishni talab qiladi.
Nonu tuz haqqini unutgan navkarni huzuringga yo’latma.
[Qur’oni Karimda to’g’ri aytilgan:] nusratu zafar Parvardigori olam fazlu fayzining in’omidir.
Odamlar tarqoq va rahbarsiz bo’lsalar, ular biror ishga yaroqsizdirlar.
Otang yo’lini tut, oyog’ingni jabr-zulmdan tor.
Ochiq yuz, rahm-shafqat bilan ish tut. O’shanda hammasini o’zingga qaratib olasan.
Sayyodning sehri bo’lmasa, domiga ov ilinmaydi.
Saltanatning barqarorligini ta’minlash uchun xazinadagi naqd aqcha va qimmatbaho matolarni sipohiylarcha taqsimlab ber.
Sen xalqning mustahkam va azmat daraxti erursan, chunki xalqing tuyalar kabi senga suyanadilar.
Sizga adovat qilganlarga qarshi bir jon-bir tan bo’lsalaringiz, dushmanlaringizni mahv etasizlar.
Sipohni ikkilantiradigan kengashdan qoch.
Sodiq va vafodor do’st ulkim, do’stidan ranjimaydi, do’stining dushmanini o’z dushman deb biladi, kerak bo’lsa, do’st uchun jonini fido qiladi.
[Odamlar to’g’ri aytadilar:] so’zlashuvchi garchand nodon bo’lsa ham, tinglovchi dono bo’lsin.
Tangri taolo sizdek zolim hokimlar va fuqaroga jabr-zulm qiluvchi podshohlar ustidan hukm yuritish uchun saltanatni bizga berdi.
Tangri taoloning g’azabiga duchor bo’lmayin desang, hech kimga g’azab qilma va u bilan dag’al muomaladan bo’lma.
Toy mingan-ot minadi.
Tuzingni ichib turib yomonlik qilgan odamni Tangri taoloning hukmiga topshir.
[To’g’ri gap:] to’qayga o’t tushsa, ho’lu quruqqa qaramay, hammasini yondiradi.
Uyquda yotgan fitnani uyg’otib qo’yma.
Ulkan meros hamma vaqt ulkan muxoliflik tug’diradi.
Endi tutay desam-qo’l, chopay desam-qilich yo’q.
Fath etilgan mamlakat xalqini qatlu g’oratdan, asiru bandilikdan himoya qil.
Fuqaroning mol-mulkini talon-tarojdan saqla.
Xalq fikrini bitta qilib, yagona ittifoqqa to’plash lozim.
[Qur’oni Karimda aytilganidek:] Xudo bitta, uning sherigi yo’qdir. Shunday bo’lgach, uning mulkiga egalik qiluvchi podshoh ham bittadir.
Chin do’st ulkim, hech vaqt do’stidan ranjimaydi, ranjiganda ham uzrini qabul qiladi.
Yaxshini yomon kunda imtihon qil [deganlar ulug’lar].
O’z begiga ixlos qo’yib xizmat qilgan navkarning boyligu davlati, noz-ne’matlari kun sayin ortib boradi.
O’rnida qo’llanilgan tadbir bilan son-sanoqsiz lashkarning qilichi ojizlik qilgan har qanday mamlakatni va uning hisobsiz lashkarini yengib, o’zini fath etsa bo’lur.
O’zing tarbiyalagan kishi xarob qilma.
O’ylab ish tutsang, tadbiring taqdirga to’g’ri keladi.
Qabih xatti-harakat va yomon ishlardan Tangri taolo mulkini saqla.
Qaysi navkar begiga ixlos qo’ymay, ko’nglida kina-qudurat saqlasa, bir kuni baxtsizlikka uchraydi.
Kuch-qudratimizga shak-shubhang bo’lsa, qurdirgan imoratlarimizga boq.
Dushman tarafdan tushgan asairni o’ldirmanglar. Ixtiyorini o’ziga qo’yinglar. Agar navkarlikni ixtiyor qilsa, navkarlikka qabul qilinglar, yo’q desa, uni ozod qilinglar.
G’animni chuchuk so’z, shirin hikoyalar bilan o’z tarafingiz og’darib olinglar.
Har neki degan bo’lsang, unga amal qil.
Hasad qilib, seni o’ldirmoqchi bo’lsa, o’sha kishiga ham sovg’a-salomlar, in’omlar berib, muruvvat ko’rsat, toki yaxshiliklaringni ko’rib xijolat teriga g’arq bo’lsin.