Amir Temurning harami

Amir Temurning yana bir xotini Cho’lpon Mulk Og’o begim bo’lib, Hojibek mo’g’ulning qizi edi. Cho’lpon Mulk Og’o nihoyat darajada go’zal bo’lgan. U sohibqironning 1391 va 1394 yillardagi harbiy yurishlarida birga yurgan. Ibn Arabshohning ta’kidlashicha, go’yo Cho’lpon Mulk Og’o Amir Temurga vafosizlik qilgani tufayli sohibqiron o’z qo’li bilan bo’g’ib o’ldirgan emish. Ammo Amir Temur tarixiga oid rasmiy xabarlarda bunday ma’lumot uchramaydi. Aksincha, tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy 1403 yil voqealarini sharhlab, Cho’lpon Mulk Og’oning nomini bir necha o’rinda zikr qilib o’tadi. Shuningdek, Kastiliya elchisi Klavixo ham 1404 yilda malika Cho’lpon Mulk Og’oning qachon va qayerda vafot qilgani haqida hozircha ma’lumot uchramadi.

Temur haramidagi malikalardan yana biri Dilshod Og’o begim bo’lib, Sulton Uvays Shayx Hasan jaloyirning qizi edi. U 776/1374 yilda kasal bo’lib vafot etadi. Dilshod Og’o begimdan farzand bor-yo’qligi noma’lum.

Sohibqironning suyukli xotinlaridan biri – Tuman Og’o begimdir. Tuman Og’o begim Saroy Mulk xonimning akasi amir Musoning qizidur. Xonimga jiyan o’rnidadur. Tuman Og’o 1366 yilda tug’ilib, 1378 yilda 12 yoshida Amir Temurga nikoh qilingan.

Tuman Og’o begim husn-latofatda Benazir bo’lgan ekan. Sohibqiron Tuman Og’o sharafiga Samarqandda maxsus Bog’i bihishtni barpo ettirgan. Amir Temur vafotidan so’ng taxtga o’tirgan Xalil Sulton Mirzo 1406 yilda Shayx Nuriddin bilan bo’lgan jangda yengilib, sulhga muvofiq malika Tuman Og’o begimni amir Shayx Nuriddinga xotinlikka berishga majbur bo’ladi. 1411 yilda Shohruh Mirzo tarafidan amir Shayx Nuriddin qatl qilingach, Tuman Og’o begimni Hirotga olib keladilar.

Amir Temurning yana bir xotini Tukal xonim bo’lib, Hizr Xo’janing qizi edi. 800/1397 yilda sohibqiron Konigilda katta to’y o’tkazib, Tukal xonimni o’z nikohiga kiritadi. Tukal xonim haramdagi (xon qizi bo’lgani tufayli) Saroy Mulk xonimdan keyingi o’rinda, ya’ni “kichik xonim” deb atalgan. 1397 yilda sohibqiron Tukal xonim sharafiga Samarqandda “Bog’i Dilkusho”ni barpo etdiradi.

Ibn Arabshohning yozishicha, 1408 yilda Xalil Sulton Mirzoning xotini Shod Mulk begim Tukal xonimni zaharlab o’ldirgan.

Sohibqironning keyingi davrlarda olgan xotini Ruh Parvar Og’o bo’lib, amir Temurning xos kanizaklaridan edi. Ruh Parvar Og’o ham yosh va go’zal ayol bo’lgan. Uning sohibqirondan farzandi bo’lmagan.

Amir Temur vafotidan so’ng Ruh Parvar Og’oni amir Hamza Sulduz xotinlikka olgan. Amir Hamza Sulduz vafot etgach, Ruh Parvar Og’oni amir Ali Tarxon o’z nikohiga kiritgan. Amir Ali tarxon vafotidan so’ng, Ruh Parvar Og’oni amir Hasan So’fi o’z haramiga olgan.

Ruh Parvar Og’o 1423 yil 7 dekabrda vafot etgan.