ANAKONDALAR
ANAKONDALAR (Eunectus) – bo’g’ma ilonlar urug’i. Hozirgi ilonlarning eng yirigi — uzunligi 10 metrgacha (qayd qilingan uzunligi 11,43 metr). Sarg’ish-kulrang tanasi orqa tomondan 2 qator yirik doira shaklidagi qo’ng’ir, yon tomonlardan bir necha qator mayda oqish dog’lar bilan qoplangan. 3 turi tropik. Janubiy Amerikaning daryo, ko’l va botqoqliklarida tarqalgan. Oddiy Anakondalar (E. murinus) ko’proq uchraydi. Anakondalar suvda yaxshi suzadi va sho’ng’iydi, suv tubida uzoq, tura oladi. Suv ostida burun teshiklari klapanlar bilan bekiladi. Anakondalar har xil mayda umurtqalilar (kemiruvchilar, tuyoqlilar, toshbaqalar, qushlar, yosh timsohlar), ba’zan uy hayvonlari bilan oziqlanadi, kamdan-kam odamga hujum qiladi. Qurg’oqchilik mavsumida balchiqqa ko’milib karaxt bo’lib oladi. Tuxumdan tirik tug’ish (ba’zan tuxum qo’yish) orqali ko’payadi. 28 dan 42 tagacha tuxum qo’yadi. Tuxumlardan darhol yosh ilonlar chiqib, suvga tushib ketadi. Anakondalar tutqinlikda 28 yilgacha (o’rta hisobda 5-6 yil) yashaydi. Terisi, go’shti va yog’i uchun ovlanadi.