ANDIJON QO’ZG’OLONI
ANDIJON QO’ZG’OLONI (1898) -o’zbek xalqining mustamlakachilik va milliy zulmga qarshi ozodlik harakati. Dukchi Eshon qo’zg’oloni (voqeasi) nomi bilan ham mashhur. Unga Andijon uezdining Mingtepa qishlog’ilik Muhammadali xalfa Sobir o’g’li rahbarlik qilgan. Turkistonda Rossiya imperiyasining 19-asr ikkinchi yarmida o’rnatgan mustamlakachilik tuzumi mahalliy aholini siyosiy huquqlardan mahrum etdi, milliy, liniy qadriyatlarini tahqirladi, iqtisodini esa imperiya maqsadlariga bo’ysundirib, xalqning turmushi, moddiy ahvolini yomonlashtirib, qashshoqlanishiga olib keldi. Ayniqsa Farg’onada Rossiya sanoati uchun zarur bo’lgan paxta xom ashyosini yetishtirishga zo’r berilishi natijasida viloyatdagi aholi hayoti nihoyatda og’irlashdi. Og’ir mehnat sharoitida yetishtiriladigan paxta xom ashyosi arzimas narxda sotib olinib, Rossiyaga olib ketilar, dehqon esa bundan durust moddiy manfaat ko’rmay, aksincha, turli xil og’ir soliq, to’lov va qarzlar iskanjasida yil sayin qashshoqlashib borardi. Viloyatda paxta ekin maydonlarining tez sur’at bilan o’sib borishi g’alla mahsulotlari, bug’doy yetishtirishni keskin kamayishiga, aholini chetdan keladigan g’allaga qaram bo’lishiga olib keldi. Rossiyadan keltirilgan yuqori narxdagi bug’doyni sotib olib, iste’mol qilishga esa qashshoqlashgan dehqonlarning qurbi yetmay, ahvollari yanada og’irlashdi. Chorizmning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, siyosiy, milliy zulmi ham cheksiz edi. Siyosiy huquqlardan mahrum etilgan aholi o’lkani idora qilish ishiga mutlaqo yaqinlashtirilmasdi. Maorif, tibbiy xizmat, obodonchilik ishlari qarovsiz holda bo’lib, mustabid ma’muriyat bunga mutlaqo mablag’ ajratmasdi. Mahalliy ahamiyatga molik sarf-harajatlar aholi zimmasiga yuklatilgandi. Hukmron millat vakillari alohida imkoniyat va huquqlarga ega bo’lgan holda mahalliy aholi huquqsizlik, zulm va zo’ravonlikdan azob chekardi. Buning ustiga mahalliy aholining unumdor yerlari Rossiyadan ko’chirib keltirilgan dehqonlarga tortib olib berilgan bo’lib, yer-suv munosabatlari masalasida ham adolatsizlik avjiga chiqqandi. Chorizm hukmronligi davrida o’lkada mustamlakachilar turmush tarzi orqali kirib kelgan maishatparastlik, qimorbozlik, ichkilikbozlik singari illatlar mahalliy aholining ma’naviy-axloqiy ruhiyati, qadriyatlariga putur yetkaza boshlagandi. Bu illatlarning barchasi bir bo’lib mahalliy xalqning mustamlakachilarga nisbatan nafratini oshirib, milliy, insoniy g’ururi, nafsoniyatini tahqirlab, bularga chek qo’yish istagi kun sayin avj olib borgan, milliy ozodlik tuyg’ulari junbushga kelgan. Qo’zg’olondan 3 yil oldin — 1895 yilda Muhammadali eshon Marg’ilon, O’sh uezdlarida lavozimini qayta tikladi. Shundan so’ng qishloqlarda ikki hokimiyatchilikni eslatadigan bir holat yuzaga keladi — xalqqa bir tomondan mustabid chorizm hukumati vakili bo’lgan volost boshlig’i, ikkinchi tomondan oddiy xalq xohish-irodasini ifodalagan rais rahbarlik qila boshlaydi. Bu holat mustamlakachi ma’murlar bilan xalq o’rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtiradi. Mustamlakachilar zulmidan ezilgan xalq Dukchi eshonga murojaat qilib erk uchun muqaddas kurashga fatvo berishini hamda bu kurashga rahnamolik qilishini so’raydi. Xalq noroziligining jilovlab bulmaidigan darajada kuchayib ketganligini ko’rgan Dukchi (Muhammadali) Eshon uyida Farg’ona viloyatining turli bo’lislaridan kelgan vakillar ishtirokida maxsus kengashi bo’ladi. Shu kengashda Muhammadali eshon yig’ilganlarni mustamlakachilarga qarshi bosh ko’tarishga, ularni yurtdan haydab, ona Vatan mustaqilligini tiklash uchun kurashga chaqiradi. Ko’pchilik bu taklifni ma’qullaydi. Kengashda Muhammadali Eshon ma’lum qilgan rejaga binoan mustabid hukumatning vodiydagi 3 shahar — Andijon, Marg’ilon va O’shda joylashgan harbiy lagerlariga bir kunda hujum qilishga, bu hujum muvaffaqiyatli tugasa, Qo’qonda ham qo’zg’olon ko’tarishga kelishiladi. Marg’ilondagi harbiy lagerga Inoyatxon To’ra, O’shdagi harbiy lagerga Umarbek dodxoh, Andijondagi harbiy lagerga esa Muhammadali eshon boshchiligida hujum qilinishi kerak edi. 1898 yil 17 may kuni Muhammadali eshon xalqqa murojaat kilib, ularni mustamlakachilarga qarshi qo’zg’olon ko’tarishga da’vat etadi. Qo’zg’olonchilar Muhammadali eshon boshchiligida Mingtepadan Andijon shahri tomon yo’l olishadi. Yo’l-yo’lakay qo’zg’olonchilar safi to’lib borib, shaharga yaqinlashganlarida ularning soni 2000 ga yetadi. Shahar yaqinida Muhammadali eshon o’z jangchilarini oxirgi marta ko’rikdan o’tkazadi. U qo’zg’olonchilarni 5 qismga bo’lib, har qaysi qismga bittadan bayroq beradi. g’arbiy lagerga qilinadigan hujum oldidan so’nggi nutqini so’zlaydi. U qo’zg’olonchilarni oxirgi daqiqalargacha o’z qasamyodiga sodiq qolishga, Vatan ozodligi uchun muqaddas kurashga da’vat etdi. So’ngra qo’zg’olonchilar Andijon harbiy lageriga hujum qiladilar. To’qnashuv paytida harbiy garnizon jangchilaridan 22 kishi o’ldirildi, 24 askar yarador bo’ldi. Yarim soat davom etgan qattiq jangdan so’ng jangovar tayyorgarligi durust bo’lmagan va qurol-yarog’i nochor qo’zg’olonchilar guruhi to’qnashuv joyida o’lgan 11 nafar va yarador bo’lgan 8 nafar odamlarini qoldirib chekinishadi. Marg’ilon va O’sh uezdlaridagi harbiy garnizonlarga hujum uyushtirish rejalari esa amalga oshmay qoladi, chunki chor amaldorlari bundan xabar topib, mudofaa uchun zarur choralarni ko’rib ulguradilar. O’sh uezdida mustabid hukumatga sotilgan xoin — uezd mingboshisi Qorabek Hasanov o’z xalqiga xiyonat qilib, mustamlakachilarning harbiy kuchlariga qarshi tayyorlanayotgan hujum haqida podpolkovnik Zaytsevga xabar yetkazadi. Bu voqeadan xabar topgan Umarbek dodxoh yaxshi qurollanmagan xalqni qurollangan, shay turgan harbiylarga qarshi qo’zg’olonga boshlashga jur’at etmaydi. Marg’ilon harbiy lageriga hujum ham amalga oshmadi. 17 may kuni kechqurun belgilangan joyga odam to’planmadi. Buning ustiga shu kuni yakshanba, ya’ni dam olish kuni bo’lib, harbiy lagerda qandaydir marosim bo’layotgandi. Bunday vaziyatda hujum boshlash xatarli edi. Shu bois Inoyatxon To’ra o’z odamlari bilan Andijonga jo’nab ketgan qo’zg’olonchilarni quvib yetib, ular safiga qo’shiladi. Qo’zg’olon haqidagi xabarlar Namangan uezdi va Yettisuv viloyatiga ham yetib bordi va bu yerdagi aholi tomonidan qo’llab-quvvatlandi. Yettisuv viloyatining Avliyoota uezdida Shodibek xalfa ismli eshon boshchiligida to’plangan yuzdan ortiq odamlar dovonlar qordan biroz tozalangach, Andijon tomon harakat qildilar. Bundan xabar topgan mustabid hukumat qo’shinlari Namangan va Andijondan ularga qarshi yurdilar va oradan besh kun o’tgach, Shodibek xalfani 23 nafar odami bilan qo’lga oddilar. Namanganda harbiylar yashirin ravishda tog’ so’qmoqlarini kezib, 29 nafar qo’zg’olonchini, shular qatori 4 boshlig’ini ham ushlashdi. O’sha kunlarda Yettisuv viloyatining Prjevalsk va Bishkek uezdlarida, Sirdaryo viloyatining Xovos temir yo’l bekatida ham mirshablar bilan mahalliy aholi o’rtasida qurolli to’qnashuvlar bo’lib o’tdi. Andijondagi qo’zg’olondan xabar topgan Chor Rossiyasi hukmdori Nikolay II qo’zg’olonchilardan shafqatsiz o’ch olishni buyuradi. Bu ishga rahbarlik qilish o’ta shovinist sifatida dong taratgan Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori A.I. Korolkovga topshiriladi. Mustamlakachilar Andijon qo’zg’oloni munosabati bilan butun Farg’ona vodiysida dahshatli qatag’on uyushtirdilar. Birinchi navbatda qo’zg’olon rahbari Muhammadali eshon va uning yaqin maslaqdoshlaridan 5 nafari 1898 yil 12 iyunda Andijon shahri markazida butun vodiy jamoatchiligining 8 mingga yaqin vakili ko’z o’ngida osib o’ldirildi. Keyin boshqalar jazolandi. Qo’zg’olonchilardan 18 nafari osib o’ldirishga hukm qilindi. 344 nafari 4 yildan 20 yilgacha muddatga, 3 nafari umrbod katorgaga, 8 nafari turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilindilar. 18 kishi Sibirga surgun qilindi. Jami 388 kishi jazolandi. Qo’zg’olon markazi bo’lgan Mingtepa, Qashg’ar, tojik qishloqlari uch kun to’plardan o’qqa tutilib, kultepaga aylantirildi. Jazoga tortilgan qo’zg’olonchilarning ijtimoiy tarkibi tahlilidan ma’lum bo’lishicha, ularning ko’pchiligi dehqon va hunarmandlardan iborat bo’lib, sardorlari orasida 2 nafar dodxoh (general), 7 nafar ponsod (polkovnik), 2 nafar sobiq bek, 40 nafar mulla, 2 nafar mudarris bo’lgan. Ya’ni, Andijon qo’zg’oloni aholining turli toifasi vakillarini qamrab olgan tom ma’nodagi xalq qo’zg’oloni bo’lgan. Andijon qo’zg’oloni Turkiston hayotida tasodifiy hodisa emas edi. Bunga qadar ham o’lkada mustamlakachilarga qarshi bosh ko’tarilgan. Andijon qo’zg’oloni 19-asrning so’nggi choragidagi eng kuchli ozodlik kurashi edi. Ammo puxta tayyorgarlik ko’rilmaganligi, harbiy imkoniyatlari zaifligi, keng doirada uyushmaganligi tufayli mag’lubiyatga uchradi. Qo’zg’olonning tarixiy ahamiyati shundaki, u mazlum xalqning siyosiy ongi va kurash tajribasining o’sishida muhim rol o’ynadi. Garchand Andijon qo’zg’oloni tor-mor etilgan bo’lsada, lekin o’zbek xalqining mustaqillik va ozodlik uchun olib borgan kurashlarining eng yorqin namunalaridan biri bo’lib qoldi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Andijon shahrining Mirpo’stin va Navoiy ko’chalari orasidagi ko’chaga (avvalgi Yangi O’sh ko’chasi) «Dukchi Eshon» nomi berildi. Ad. Fozilbek Otabek o’g’li, Dukchi Eshon voqeasi, T., 1992; Egamnazarov A., Siz bilgan Dukchi Eshon, T., 1994; O’zbekistonning yangi tarixi, birinchi kitob [Turkiston chor Rossiyasi davrida], T., 2000. Dono Ziyayeva, Alinazar Egamnazarov.