ANIMALIZM

ANIMALIZM, zoolatriya (lotincha animal — hayvon) — biror hayvonni ilohiylashtirish bilan bog’liq bo’lgan e’tiqod va tasavvurlar majmui. Animalizmning kelib chiqishi ovchilik e’tiqodlariga (hayvonlar o’lgandan keyin tirilishiga ishonish uning xarakterli xususiyatidir), totemizmta borib taqaladi. Qadimgi odamlar ovchilik bilan tirikchilik qilgan davrlarda o’ljani qo’lga kiritish uchun ov oldidan hayvonlarni sehrlovchi turli marosimlar qilganlar (paleolit g’orlaridagi rasmlar shundan darak beradi). Hayvonlarni e’zozlash ko’p xalqlarda uchraydi. U odamning hayvondan kelib chiqqanligi haqidagi miflar (keyinroq u urg’ochi hayvonlar odamlar avlodini boqib tarbiyalagan, degan tasavvurlar shaklini ham olgan) da, u yoki bu hayvonni iste’mol yoki ov qilishning man etilishida, biron qabila, urug’ni hayvonlar nomi bilan atalishi va boshqalarda ko’rinadi. Shimoliy Osiyo va shimoliy Amerikada ayiqning, Hindistonda sigirning, Avstraliyada kenguruning muqaddas hisoblanishi Animalizm qoldig’idir.