ANIMIZM

ANIMIZM (lotincha anima — jon, ruh) — jon va ruhlar borligiga ishonish. Ibtidoiy davrda paydo bo’lgan. Ibtidoiy odamlar tabiat kuchlariga qarshi kurashda ojizlik qilgan, o’z hayoti va tanasidagi turli hodisalar (tush ko’rish, gallyusinasiya, o’lim va hokazolar) ni tushunmagan. Ular jon tana bilan bog’langan va u tanadan chiqib keta oladi, deb hisoblaganlar. Insonda asta-sekin abstrakt tafakkur rivojlanishi bilan moddiy narsalarga bog’liq ruh to’g’risidagi tasavvurlar paydo bo’lgan. Ruhlar yaxshi, saxiy hamda yomon, yovuz ruhlarga bo’lingan. Ruhlar odamlar hayotiga, turmushiga ta’sir ko’rsata oladi deb tasavvur qilingan. Shu sababli zarur paytlarda ularga qurbonliklar qilganlar.